Breaking News

Obama Isroil qurilishlarini tinchlik jarayoniga zarar deb biladi


Barak Obama va Falastin prezidenti Mahmud Abbos Ramallohda, G'arbiy Sohil, 21-mart, 2013-yil
Barak Obama va Falastin prezidenti Mahmud Abbos Ramallohda, G'arbiy Sohil, 21-mart, 2013-yil
Prezident Barak Obama bugun Ramallohda Falastin rahbari Mahmud Abbos va bosh vaziri Salom Fayyod bilan uchrashdi. Obamaga ko’ra, Isroilning G’arbiy Sohil va sharqiy Quddusda uy-joy qurishi falastinliklar bilan tinchlik o’rnatish harakatiga pand bermoqda.

Barak Obamaning ilk prezidentlik yillarida unga umid bilan qaragan falastinliklar ikkinchi muddatga kelib, undan ko’ngli qolganini aytadi. Garchi bu Obamaning hududga ilk safari bo’lsa-da, muxtoriyat aholisi norozilik namoyishlari o’tkazib, uni sovuq kutib oldi. XAMAS boshqaruvi ostidagi G’azo Sektoridan Isroil janubiga ikkita snaryad otildi.

Falastinliklar nazarida AQSh rahbari Isroilga yetarlicha bosim qo’ya olmayapti, shu sabab qurilishlar to’xtagani yo’q. Falastin o’z mustaqil davlatiga ega bo’lishga intilar ekan, G’arbiy Sohil va Quddusning sharqiy rayonini bo’lajak davlatning ajralmas qismi deb biladi. Obama 2008-yilda prezident bo’lganidan beri bu hududlarning yahudiy aholisi 60 mingga ko’payib, ayni damda 560 ming yahudiyni tashkil etadi.

Obamaning Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashuvdan so’ng o’tkazilgan matbuot anjumanida aytishicha, u Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxuga qurilishlarning tinchlik jarayoniga zarar ekanini bildirgan.

“Mintaqada tinchlik o’rnatish umidimdan voz kechganim yo’q. Agar bevosita muloqotni jonlantira olsak, kelishib olsa bo’ladi. Eng muhim masala hozir Falastin mustaqil davlatini yaratish bilan birga Isroil xavfsizligini kafolatlash”, - dedi Obama.

Mahmud Abbosning AQSh rahbariga aytishicha, xavfsizlikka zo’ravonlik, istilo, qurilishlar, hibsga olishlar va qochqinlar huquqlarini inkor etish bilan erishib bo’lmaydi.

"Isroil qurilishlarni to’xtatmas ekan, muzokaraga qaytmaymiz", - deydi Abbos.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG