Breaking News

Yaqin Sharq ahli Obamadan nima kutyapti?


Falastinlik namoyishchi Isroil askarlari bilan to'znashuv paytida. 24-fevral, 2013.
Falastinlik namoyishchi Isroil askarlari bilan to'znashuv paytida. 24-fevral, 2013.
20-22 mart kunlari prezident Barak Obama Yaqin Sharq mamlakatlari bo’ylab safar qiladi. Isroil va Falastinda bu katta qiziqish uyg’otmoqda, chunki Obama AQSh rahbari sifatida hali bu hududlarga bormagan. Biroq tinchlik jarayoni oldinga siljishiga ko’pchilik ishonmaydi.

Yaqin Sharq ahli Obamadan nima kutayapti?/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:16 0:00
Yuklab oling

Quddusning arablar yashaydigan sharqiy qismida Muhammad Abu G’adan avtmobillar turadigan joy, stoyankani boshqaradi. Uning oilasi 70 yildan beri shu biznes bilan mashg’ul. Muhammad prezident Obamaning Quddusga tashrifini ijobiy baholasada, biror jiddiy o’zgarish kutmayapti.

“Tinchlik muzokaralari behuda ish. Falastinliklar foydasiga hal bo’lmasligi aniq. Qo’shnilarimiz, yahudiylar foyda ko’radi xolos”, - deydi u.

Yaqin Sharqqa tashrifi chog’ida Obama Isroil hamda Iordan daryosining bosib olingan G’arbiy sohilida siyosiy liderlar bilan uchrashadi. Fotosuratchi Mahfuz Abu Turk fikricha, Vashington har qanday vaziyatda ham Isroilni himoya qilib kelayotgani sabab xolis vositachi deb ko’rilmaydi, bu vazifaga loyiq emas.

“Obama tashrifidan Falastin xalqiga hech qanday naf yo’q deb hisoblayman, chunki shu kungacha u mintaqada o’zgarish yasashga irodasi borligini ko’rsata olmadi. Falastinliklar taqdiri Amerika rahbari uchun muhim masala emas, hozircha shunday”, - deydi Abu Turk.

Hammaning og’zida bir savol - Isroil va Falastin ikki davlat bo’lib, yonma yon totuv yashashini ko’zda tutadigan rejani hayotga tatbiq etish uchun Qo’shma Shtatlar tayyormi? Mahdi Abdulhodiy Sharqiy Quddusda tadqiqot markazini boshqaradi:

“Janob Obama, bu savolga javob bera olsangiz, sizni kutayapmiz. Dunyodagi eng qudratli davlat rahbarisiz, maqsadga erishish yo’llarini topa olasiz. Aks holda muammoning boshqa yechimlarini topish kerak”, - deya murojaat qiladi olim.

Yahudiylar yashaydigan G’arbiy Quddusda ham ayni xavotirlar quloqqa chalinadi:

“Jiddiy o’zgarish bo’lishiga ko’zim yetmaydi. Regionda vaziyat shu qadar murakkabki, muammolarni hal etishning yo’li yo’qdek tuyuladi”, - deydi bir fuqaro.

Eron yadroviy dasturi, arab mamlakatlaridagi inqiloblar, Suriyadagi urush - Obama safari kun tartibidan o’rin olgan masalalar. Tahlilchi Denni Rubinshteynga ko’ra, Isroil-Falastin ixtilofi unda markaziy o’rinni egallaydi.

“Umid qilamanki, Obama har ikki xalq bilan tinchlik jarayonini qayta boshlash haqida jiddiy gaplashadi. Biroq quruq muzokaraning hech kimga keragi yo’q. Natija bo’lishi, kelishuv imzolanishi kerak”, - deydi u.

Deniel Madmon bu fikrga qo’shiladi. U yaqinda Isroil armiyasida xizmatini yakunladi:

“Menimcha, Isroil tinchlikka har qachongidan tayyor”, - deydi askar. Barak Obama vositachilikni eplasa bo’lgani, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG