Breaking News

Obama: Terrorizmga qarshi kurashning yangi pallasidamiz


Oq uy, 6-dekabr 2015-yil
Oq uy, 6-dekabr 2015-yil

Amerika “Islomiy davlat” terror tizimini albatta yengadi, bu vahshiy to'dani qayerda bo'lmasin tag-tugi bilan yo’q qiladi, deya qayd etmoqda davlat rahbari Barak Obama. Iroq va Suriyaning qator shahar va qishloqlarida hukmron guruhga qarshi kurash nafaqat Yaqin Sharqda balki G’arbning o’zida ham kechmoqda. Kurash usullari yangilanmoqda va kengaymoqda, deydi prezident.

Payshanba kuni Kaliforniya shtatining San-Bernardino shahridagi hujumda 14 kishi o’lgan va 21 ga yaqin odam jarohatlangan. Er-xotin Said Faruk va Tashfin Malik nogironlarga xizmat ko'rsatuvchi tashkilot binosida o't ochib, so'ngra politsiya bilan otishmada halok bo'lgan. Voqea Federal qidiruv byurosi tomonidan terakt deya baholanmoqda. “Islomiy davlat” hujumchilar uning tarafdori ekanini aytib, bu xuruj - “g’alaba”, deya bong urmoqda.

Prezident Obama yakshanba kuni kechqurun xalqqa murojaat qilib, o’lganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi, shuningdek, odamlarni vahimaga tushmaslikka undadi.

"Xavfsizlikni ta’minlash uchun davlat barcha chorani ko’rmoqda va ko'rishda davom etadi, lekin fuqarolar qo’rquvda yashamasligi, bir-biridan xavfsiramasligi kerak", deydi u.

Prezident amerikaliklarni toqatli bo’lishga, terror xurujlarida islom va musulmonlarni ayblamaslikka chaqirdi. Qo'shma Shtatlar bag'rikeng, erkin va qonun ustuvor jamiyat bo'lib qoladi, deydi Obama.

“Bir-birimizni qoralashdan foyda yo’q”, - dedi prezident. “Shunisi aniqki, ayrim jamoalarda radikalizm ildiz otgan va mahalliy yetakchilar bu muammoni tan olib, unga qarshi zarur qadamlar tashlashi kerak”,- deydi Obama.

“Musulmon liderlar jihodchilar propagandasiga nisbatan ishonchli, effektiv javob berishni odat qilishi lozim. Radikalizmga qarshi kurashda musulmon amerikaliklar boshqalar bilan yonma-yon turib faollik ko’rsatsin”,- deya undadi AQSh rahbari.

“Amerika islom yoki musulmonlarga qarshi urushda emas”,- deya eslatdi Obama. “Kaliforniyadagi hujum - terrorizm, undan maqsad - begunoh insonlarni o’ldirish edi. Buni esa hech bir din yoqlamaydi”.

“Amerikaliklar bugun o’ziga qator savollar berayotganini bilaman: nahotki, shuncha urushlardan keyin ham tinchligimiz xavf ostida? Terrorizm balosidan qachon qutulamiz? Qancha vaqt kerak?”

Prezident xalqni ogoh bo’lishga chorlar ekan, qizishmaslikni so’radi. Kaliforniyadagi voqealarni biror terror guruhi amalga oshirgani haqida dalil yo’q, biroq jinoyatchilar radikal ruhdagi shaxslar bo’lgani ma’lum, deydi u. Obama ekstremizmga qarshi kurash murakkab va uzoq jarayon ekanini eslatdi.

“Islomiy davlat”ga qarshi amaldagi strategiyada biror o’zgarish yo’q, lekin ichki xavfsizlikni ta’minlash bobida yangiliklar kutilmoqda.

Oq uy o’z takliflarini Kongressga bildirib, qator masalalarda uning tasdig’ini olish umidida. Qonunchilar ruxsati shart bo’lmagan sohalarda esa yangi choralar darhol ishga solinmoqda, deya bildiradi Oq uy.

“AQSh terrorizm va ekstremizmga qarshi o’nlab ittifoqchilar bilan hamkorlikda kurashadi, yolg’iz emas. Havo hujumlari va maxsus operatsiyalar kengaymoqda",- deydi Obama.

Prezident mamlakatda qurol nazoratini kuchaytirishni istaydi, biroq Kongressda ko’pchilik o’ringa ega respublikachilar bunga qarshi. Bugungi murojaatida Obama ularni murosaga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG