Breaking News

Obama Birmani islohotlar yo'lidan qaytmaslikka chaqirdi


Prezident Barak Obama Rangunda Birma muxolifati rahbari Aun San Su Chi bilan uchrashmoqda, 19-noyabr, 2012-yil.
Prezident Barak Obama Rangunda Birma muxolifati rahbari Aun San Su Chi bilan uchrashmoqda, 19-noyabr, 2012-yil.
Osiyo bo’ylab safarga chiqqan prezident Obama Tailand va Birmadan so’ng bugun Kambodjaga bordi. Bu davlat Bosh vaziri Xan Sen bilan uchrashadi. So’ng Pnompenda Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi sammitida ishtirok etadi.

Prezident Obama Birmaga safari chog’ida Rangun universitetida bo’lib, talabalar oldida so’zladi. Shu kungacha erishilgan yutuqlarni qo’ldan chiqarmaslikka, buddistlar va musulmonlar ziddiyatiga barham berishga chaqirdi.

"Kelajak shunday bo’lishi kerakki, qonun hukmdor so’zidan ustun turishi, xalq manfaatlariga xizmat qilishi, bolalar askarlikka yollanmasligi, ayollar xo’rlanmasligi kerak. Qonun zaiflarni ham birday himoya qilishi lozim. Shundagina Amerika sizni har qadamda qo’llab-quvvatlaydi", - dedi Obama.

AQSh rahbari Birma prezidenti Teyn Sheyn bilan uchrashib, demokratik va iqtisodiy islohotlarni jadallashtirishga da’vat etdi.

"Demokratlashtirish jarayonini susaytirmaslik kerak. Ishonchga sazovor davlat idoralarini yaratish, qonun ustuvorligini ta’minlash, etnik mojarolarga barham berish, ta’lim va sog’liqni saqlash tizimlari hamda iqtisodiyotni yaxshilash ana shu jarayonga kiradi", - dedi Obama.

Amerika rahbarining aytishicha, agar Birma bularning uddasidan chiqa olsa, AQSh bilan munosabatlar yanada yaxshilanadi va bu mamlakatga ko’mak beriladi.

Obama muxolifat yetakchisi, Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori Aun San Su Chi bilan ham muloqot qilib, uning qamoqdan chiqib, parlament saylovlarida ishtirok etganini ijobiy o’zgarishlardan nishona, dedi.

Aun San Su Chiga ko’ra, har bir o’tish davridagi qiyinchilik shundan iboratki, yutuqqa erishdik, deb eyforiyaga berilmaslik. Muhimi, deydi u, muvaffaqiyatlardan mast bo’lmasdan, voqelikka to’g’ri baho bera olish.

"Islohotlar xalq uchun, ikki davlat do’stligi yo’lida qilinayotganini unutmaslik kerak", - deydi Birma muxolifati yetakchisi.

Bu Amerika prezidentining Birmaga ilk tashrifi. Biroq, deydi Obama, buni Birma hukumati siyosatini qo’llab-quvvatlash emas, balki shu kungacha erishilgan yutuqlarini olqishlash ramzi sifatida ko’rish kerak.

Birma rahbariyati islohotlarni chuqurlashtirishga so’z bergan va biz ularga dalda bergani keldik, deydi Obama.

Prezidentning Osiyo safari AQSh tashqi siyosatida muhim deb ko’rilayotgan qit’a bilan hamkorlik orqali iqtisodiyotni kuchaytirishga qaratilgan.

Obama bugun Kambodjada. ASEAN ga a’zo 10 davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvida ishtirok etadi.

XS
SM
MD
LG