Prezident Barak Obama 14-sentabr kuni Myanma yetakchisi Aun San Su Chi bilan Oq uyda qabul qildi. Ikkisi Janubi-sharqiy Osiyodagi bu davlatni sanksiyalardan sekin-asta ozod qilish haqida gaplashadi.
Aun xonim Myanma tashqi ishlar vaziri sifatida Qo'shma Shtatlarga ilk bor safar qilishi. Uning partiyasi o'tgan noyabrda yirik g'alaba qozongach, Aun San Su Chi davlat konsuli va tashqi ishlar vazirasi lavozimlarini egalladi. G'arb sobiq Birmada yarim asr mobaynidagi ilk demokratik saylovlar o'tganini e'tirof etdi.
Konstitutsiyaga ko'ra, Aun San Su Chi prezident kursisiga o'tira olmaydi, chunki uning marhum turmush o'rtog'i va farzandlari chet el fuqarolari.
Myanma yetakchisi mamlakatda harbiy xunta mutlaq hukmron davrida 20 yildan oshiq uy qamog'ida o'tirgan. U Oq uyga taklif qilingani Vashington Aun xonimni Myanmaning rahbari sifatida ko'rishiga ishora.
Mart oyida lavozimiga kirishgan arbob sanksiyalar butunlay olib tashlansin, deganicha yo'q. Davlat boshqaruvida hanuz salmoqli o'rin tutgan harbiylarni kengroq islohotlar o'tkazishga undash uchun sanksiyalar qisman qolishi kerak, deb hisoblaydi u.
Davlat xavfsizligi bo'yicha maslahatchi muovini Ben Roudsning aytishicha, Oq uy sanksiyalar Myanmaga kiritiladigan sarmoyalarga to'siq bo'lmasligiga ishonch hosil qilmoqchi.
Davlat departamentining bildirishicha, Qo'shma Shtatlar sanksiyalarni butunlay olib tashlashga hali tayyor emas. Ayrim choralar kuchda qoladi, chunki inson huquqlari bilan bog'liq xavotirlar butunlay barham topgani yo'q, deydi Amerika rasmiylari.
Yigirma yildan oshiq davr mobaynida Oq uy va Kongress Myanmaga keng ko'lamli sanksiyalar joriy etgan. Qimmatbaho toshlar, qurol-aslaha va dori-darmon savdosiga qo'yilgan sanksiyalar shular jumlasidan. 2013-yilda Obama ma'muriyati jazo choralarini biroz yumshatgan, ketidan "Coca-Cola", "General Motors" kabi kompaniyalari Myanma bozoriga kirib borgan.
Bu orada, senatorlar Jon Makkeyn va Ben Kardin Myanmaga moliyaviy va harbiy madadni ko'zlovchi qonun loyihasini olg'a surdi. Loyihada amaldagi sanksiyalarni yengillatish haqida so'z boradi.
"50 yillik harbiy boshqaruv ortidan Myanma demokratik saylovlar o'tkazib, hokimiyatni dunyoviy rahbarlarga topshirdi. Tarixiy bir yutuq bu. Shu bois ham Qo'shma Shtatlar Myanmaga nisbatan siyosatini qayta ko'rib chiqishi kerak. Yangi qonun loyihasi ikki davlat o'rtasida rishtalarda yangi sahifa ochadi. Demokratiya, inson huquqlari va tinchlik yo'lida islohotlar davom etishiga xizmat qiladi", - deydi senator Makkeyn.