Prezident Barak Obamaning aytishicha, matbuotdagi xabarlarga qaramay, insoniyat har qachongidan tinch, osuda, farovon yashamoqda.
Ommaviy axborot vositalarida terrorizm, o’lim, vayronagarchilik va azob-uqubat haqida bot-bot yangrayotgan xabarlar dunyo g’oyat xatarli, degan tasavvur paydo qiladi. Obama Vashingtondagi global sammitda so’zlab, real voqelik mutlaqo boshqa, dedi.
Prezident Obama Oq uy xomiyligida o’tgan global taraqqiyot sammitida ko’tarinki ruhda so’zladi.
“Jahon hech vaqt bugungiday bexatar, sog’lom, ta’limiy jihatdan yetuk, sabr-toqatli bo’lgan emas. Odamzot uchun imkoniyatlar ko’proq. Insonlar aloqasi mustahkamroq”, - dedi u.
Matbuotda terror hujumlari, ommaviy migratsiya, samolyotlar halokati, siyosiy tanazzul, zo’ravonlik, Ebola va Zika kabi viruslar haqida vahimali xabarlar tarqalayotgan bir paytda aslida jahonda vaziyat barqaror, deya eslatadi Obama. Uning aytishicha, yirik davlatlar yarim asrdan oshibdiki, bir-biri bilan urush qilmaydi. Yuqumli kasalliklar, malyariya, qizamiq, sil kabilardan millionlab odamlar hayoti saqlab qolindi. Hayotning har xil sohalarida o’sish kuzatildi.
“Chorak asrda bir milliard inson kambag’allikdan xalos etildi. Bir milliard-a!” - deydi u.
Ishga tushganidan beri Obama yo’qsil davlatlarga yordam loyihalari va sarmoya dasturlarini targ’ib qildi. Ta’limiy imkoniyatlar, energiya ta’minotini yaxshilashda yordam berdi.
“Buning uchun hukumatlar, donorlar, homiylar, fuqaro jamiyatlari va xususiy sektor birgalashib jonbozlik ko’rsatishi kerak ekanini Obama tushundi”, - deydi mutaxassis Strayv Masiyiva.
Prezidentning aytishicha, qilingan ishlarga qaramay, hali oldida dovonlar ko’p.
“800 million odam, bolalar va ayollar bugun kuniga 1 dollarga kun ko’radi. Har daqiqada 11 bola oldini olish mumkin bo’lgan omillardan jon beradi, kuniga yuzlab ayollar tug’uruq paytida jon beradi. Demakki, hali bajaradigan ishimiz ko’p”, - dedi prezident Obama.
Prezidentning aytishicha, global taraqqiyot Amerika tashqi siyosatining ustuvor yo’nalishlaridan bo’lib qolishi lozim. Kelasi prezident kim bo’lishidan qat’i nazar, shunday bo’lishi kerak, dedi u.