Rossiya Qrim ustidan hukmronligini mustahkamlar ekan, AQSh prezidenti Barak Obama ittifoqchilari bilan maslahatlashish uchun Yevropaga yo’l olmoqda.
Rossiya Qrimni o’z tarkibiga qo’shish masalasini butunlay hal qilgandek ko’rinsa ham, Obama yetakchiligidagi G’arb hamjamiyati jazo choralari va diplomatiya yo’li bilan Kremlga bosim ko’rsatishda davom etmoqda.“AQSh va Rossiya o’rtasida diplomatik munosabat davom etadi. Rossiya oldida muammodan chiqishning hanuz imkoni bor. Bu yo’llarning biri vaziyatni izdan chiqarishga xizmat qilsa, ikkinchisi xalqaro hamjamiyat qo’llab-quvvatlovi asosida hamda Kiyev hukumati bilan muzokara olib borish orqali Rossiyani yechim sari boshlaydi”, - deydi prezident Obama.
Yevropadagi muzokaralarda Ukrainaga iqtisodiy yordam ko’rsatish masalasi ham muhokama etiladi. Shuningdek, Rossiyaga qarshi yangi jazo choralari qo’llash haqida fikr almashiladi.
Avvalgi “Katta sakkizlik” yig’inlaridan farqli o’laroq, bu uchrashuvga Rossiya taklif etilmagan. Obama “Katta Yettilik” a’zolari bilan Gaagada Moskvani ajratib qo’yish masalasini muhokama etadi.
Bu yo’lda Obama tashabbusini ma’qullamasligi mumkin bo’lgan bir davlat bor. Bu Xitoy. Obama bu masalada Xitoy prezidenti Si Zinpin bilan ham uchrashishni belgilagan.
Shundan so’ng AQSh rahbari Bryusselda NATO va Yevropa Ittifoqi rasmiylari bilan uchrashadi. Obamaning NATO a’zolariga Rossiya masalasida o’z so’zini yetkazishi kutilyapti.
“Amerika har doim NATOdagi hamkorlarini qo’llab-quvvatlab kelgan. Bir-birimizni himoya qilish majburiyatini zimmamizga yuklovchi 5-modda bilan, shuningdek, ko’plab avlodlar qurbon berilgan qadriyatlar bilan biz o’zaro bog’liqmiz”, - deydi AQSh rahbari.
Prezidentning Yevropa safaridagi so’nggi manzil Rim bo’lib, u yerda Obama Rim papasi Frensis bilan qashshoqlik va tengsizlikka qarshi kurash masalasida muloqot olib boradi.
Shundan so’ng Obama Saudiya Arabistoniga jo’nab ketadi. Riyodda u qirol Abdulloh bilan Suriya va Eron masalasini muhokama qilishi kutilyapti.