Breaking News

Prezident Obama qurol nazoratiga doir takliflarini bildirdi


Prezident Barak Obama va vitse-prezident Jo Bayden qurol nazoratiga doir yangi takliflarni e'lon qilmoqda, Oq uy, Vashington, 16-yanvar, 2013-yil.
Prezident Barak Obama va vitse-prezident Jo Bayden qurol nazoratiga doir yangi takliflarni e'lon qilmoqda, Oq uy, Vashington, 16-yanvar, 2013-yil.
AQShda so’nggi paytdagi zo’ravonliklardan so’ng qurol nazoratiga e’tibor kuchayar ekan, prezident Barak Obama bugun Oq uyda vitse-prezident Jo Bayden rahbarligidagi guruh tayyorlagan takliflarni ma’lum qildi.

Prezident Obamaning aytishicha, bolalar xavfsizligini ta’minlash jamiyatning birinchi darajali vazifasi.

"Agar qurol nazorati natijasida bir nafar bo’lsa-da insonning hayoti qutqarib qolinsa, yangi qoidalarga amal qilish lozim", - dedi Obama.

Avtomatik qurol savdosini taqiqlash, qurol xaridorlari haqida surishtirish, ruhiy yordamni oshirishni yengillashtirish, yirik magazinlarni man qilish Oq uy komissiyasi ishlab chiqqan takliflardan ba’zilari.

Prezident Obama zo’ravonliklarning oldini olishda huquq-tartibot organlari va ruhiy kasallar bilan ishlovchi xizmatchilar sharoitlarini yaxshilab, maktab mutasaddilarining qurol bilan muomala qilishda tayyorgarligini oshirmoqchi.

14-dekabr kuni Konnektikut shtatidagi boshlang’ich maktabga bir odam kirib, bir necha quroldan 26 kishi, jumladan 20 nafar birinchi sinf o’quvchilarini otib o’ldirgach, Oq uy masalaga jiddiy yondashdi. AQShda bungacha ham ko’cha, maktab va kinoteatrlarda zo’ravonliklar kuzatilgan edi, biroq hukumat qurol nazorati mavzusini ko’tarishga jur’at qilmay kelayotgan edi.

Vitse-prezident Baydenning aytishicha, qurollar nazorati oldinroq joriy etilganida fojia ro’y bergan bo’larmidi, yo’qmi, ma’lum emas, ammo bu kabi ommaviy otishmaning oldini olish har bir davlatning burchi va vazifasi.

Bolalar xavfsizligiga kelganda, deydi prezident, fikr bitta bo’lishi kerak.

"Dekabrdagi fojiadan keyingi bir oy ichida Amerikada 900 odam quroldan o’ldi. Qurbonlar soni har kuni oshmoqda", - deydi Obama.

Ma’lumki, AQShda qurol sanoati qudratli lobbi hisoblanib, qonunchilarning bir qismi uni qo’llab-quvvatlab keladi.

Milliy qurol uyushmasi shunday lobbichi guruhlardan biri bo’lib, prezident rejasiga qarshi chiqmoqda.

Guruh buyurtmasiga ko’ra tayyorlangan reklamada Obama ikkiyuzlamachilikda ayblanadi. Unga ko’ra, prezident maktab yoshidagi qizlarining himoyasiga qurollangan soqchilarni qo’yib, uyushmaning har bir maktabga qurollangan soqchilarni biriktirish taklifini rad etgan.

Uyushma nazarida qurol nazoratidan o’tmishda foyda bo’lmagan, hozir ham samara bermaydi.

So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, aksariyat amerikaliklar qurol nazorati kuchaytirilishiga qarshi emas. Ular harbiy uslubdagi tezotar qurollarning man qilinishi tarafdori bo’lib, 84 foizi qurol sotishdan oldin xaridor haqida keng ma’lumot o’rganilishini istaydi.

Qurolga egalik qilish amerikaliklarning Konstitutsiyada bitilgan huquqlaridan biri. Shu sabab Obama takliflarida qurol savdosi yoki unga egalik qilishni butunlay man qilish haqida gap yo’q.

"Amerikada qonundan chetga chiqmaydigan millionlab qurol egalari bor. Kimdir ov uchun, kimdir sport uchun, kimdir esa kolleksiya uchun qurol saqlaydi. Ularning huquqlarini buzmagan holda fuqarolarni qonunbuzarlardan himoya qilishimiz lozim", - deydi davlat rahbari.

Shu hafta Nyu-York Amerikada qurol nazoratini kuchaytirgan ilk shtat bo’ldi. Bundan keyin Nyu-Yorkda avtomatik qurollarni sotib olish mumkin bo'lmaydi. O’q-dori xarid qilayotganda xaridorning kimligi surishtiriladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG