Breaking News

Video o’yinlar qonli jinoyatlarga turtki berayaptimi?


Video o'yinlar ta'siri/Video Game Violence
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:17 0:00

Video o'yinlar ta'siri/Video Game Violence

O’tayotgan yilda odamlar video o’yinlar uchun 70 milliard dollar sarflagan. Hindiston, Braziliya, Rossiya va Janubi-sharqiy Osiyoda mahsulotga talab oshib borayapti.

Video o'yinlar va jinoyatchilik/Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:20 0:00
Yuklab oling

Shimoliy Amerika, G’arbiy Yevropa va Sharqiy Osiyoda bu asosiy tovarlardan. Video o’yinlar tobora real hayotga o’xshatib ishlangani sari ulardagi qonli sahnalar va jamiyatda ro’y berayotgan qotilliklar o’rtasida aloqa bormi degan savol tez-tez yangrayapti.

Amerika shimoli-sharqidagi maktabda 20 yoshli yigit sodir etgan qatliom jamiyatni junbushga keltirdi. Qonunchilar video o’yinlarda vahshiylik, shafqatsizlikni nazoratga olish yuzasidan chora izlashga tushdi.

Lekin Virjiniya Texnologiya Universiteti professori Jeyms Ayvori videodagi zo’ravonlik kundalik hayotda berahmlikka yetaklashi ilmiy jihatdan tasdiqlanmagan, deydi. Olim video o’yinlar ta’sirini o’rganib keladi.

“Sohani izchil kuzatgan ekspertlar fikri bir – real hayotdagi qonli jinoyatlar va videodagi jabr-zulm o’rtasida aniq-tiniq bog’liqlik yo’q. Isbotlanmagan bu”, - deydi Ayvori.

Jonliday qilib yaratilgan o’yinlar xaridorbop. 2011-yilda eng zo’r yigirmatalikning deyarli yarmida qotillik, so’kish va axloqsiz holatlar tasvirlangan.

Jinoiy ishlar bo’yicha yurist Rene Sandler ana shunday qonli videolarga bog’lanib qolgan mijozlarni himoya qilgan:

“Amerikada ayovsiz video o’yinlar haqiqiy bosh og’riq. Shafqatsiz fe’l-atvorni kuylovchi bu mahsulot iste’molchilari o’zgaradi, ayniqsa, uzoq vaqt o’ynasa. Ularning xatti-harakati agressiv tus oladi”.

Video o’yinlar filmlardan farq qiladi, chunki odam passiv tomoshabin emas, balki qatnashchi, bosh qahramondir. Ammo professor Jeyms Ayvori o’yinchining birovga ziyoni yo’q, deb hisoblaydi:

“Video o’yin o’ynayotgan odam bosh qahramonlardan birining obraziga kirib, o’zini qotilday tuta boshlaydi, atrofdagilarga jabr qilish ehtimoli yuqori, degan tasavvur bor. Oddiy odamga bu mantiqiyday tuyulishi mumkin, lekin videoning zarari haqida, uning telemahsulotga qaraganda zararli ekani haqida ilmiy dalil yo’q”.

Odam o’yin bilan real hayotning farqiga boradi, deydi video ishqibozlardan biri:

“Odam o’ldirishni himoya qilmayapman. Lekin videodagi odamlar haqiqiy emas-ku. Ularni otib, hech kimga ziyon qilmaysiz-ku”.

Qurol uyushmasi vitse-prezidenti Veyn Lapiyer bu fikrga qo’shilmaydi.

“Bu davlatda ming afsus, qahri qattiq, poraxo’r bir sanoat bor. O’z xalqiga qarshi zulmni targ’ib qiluvchi berahm video o’yinlarni sotib, pul qiladi bu odamlar”, - deydi u.

Veyn Lapiyer g’oyat qonxo’r video o’yinlar ro’yxatida “Avtomobil o’g’rilari” nomli mahsulotni alohida eslatdi.

Bu tovar mualliflaridan biri Navid Xonsariy bolaligimda Eronda, keyin AQSh va Kanadada sinab ko’rdim, deydi.

“Albatta, bu uch davlatning barida video o’yinlar talay, odam yoshidan qat’iy nazar, mahsulotni topib, o’ynashi mumkin. O’rtadagi tafovut shundan iboratki, qurol-aslaha har yerda, istagan burchakda ham sotilavermaydi”, - deydi o'yin muallifi.
Videodagi odamlar haqiqiy emas-ku. Ularni otib, hech kimga ziyon qilmaysiz-ku.
Video o'yin ishqibozi

Virtual zo’ravonlikka urg’u berib, qurol-aslaha nazorati va ruhiy kasalliklarni davolash kabi muammolarga yetarli e’tibor berilmayapti, deydi Ayvori.

“Shafqatsiz videolar va real jinoyatlar haqida gap ketar ekan, izchil o’rganib, isbotlanmagan mavzularga chalg’ib ketayapmiz. Holbuki, uzoq yillik muammolarni ko’rib-ko’rmaganga olayapmiz”.

Qo’shma Shtatlarda sodir etilgan so’nggi xunrezlik va hujumlar ortidagi shaxslar berahm video o’yinlar ishqibozi bo’lganmi? Tergovchilar bu haqda aniq xulosa qilganicha yo’q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG