Amerika dunyodagi eng taraqqiy etgan, kuchli davlat bo’lishi mumkin, lekin rivojlangan mamlakatlar orasida qurolli jinoyatlar ko’lami bo’yicha ham birinchi o’rinda turadi. Bu sharmandalik, uyat, deydi Prezident Barak Obama. Nima uchun vaziyat bu qadar og’ir deb so’ralganda, amerikaliklardan turlicha javoblar eshitasiz. Kimdir “chunki qurolga egalik erkin, uni cheklash kerak” desa, boshqalar aksincha, odamlar qurol ko’tarib yursa, o’z hayotini asrash ehtimoli ham yuqori bo’ladi, deya amaldagi qonunlarni oqlashga urinadi. Prezident qurollarni cheklash zamon talabi, deydi.
Konnektikut shtatining Nyutaun shahrida… Oregon shtatining Rouzburg shahrida… Kaliforniya shtatining San Bernardino shahrida… Qatliom ketidan qatliom.
Bahona qidirishni, fojialarni asoslashni bas qilaylik, deydi davlat rahbari, tartib ham, yondashuv ham o’zgarishi kerak.
“Odamlar o’layapti yurtimizda. Yovuz niyatli odamlarning qo’liga qurol yetib bormasligi kerak”,- deydi prezident.
Obama jabr ko’rganlarni atrofiga yig’ib, Kongressga murojaat qildi.
Respublikachilar hukmron qonunchilik organi Oq uy ko’rayotgan choralar, cheklovlarga qarshi.
Obama farmoniga ko’ra, qurol sotaman va olaman degan odamni tekshirish jarayoni chuqurroq bo’lishi shart. Talablar keskinroq bo’lishi zarur.
Konstitutsiyaga kiritilgan 2-o’zgarish, 18-asr oxirida qabul qilingan qonun, fuqarolarga qurolga egalik qilish huquqini beradi. Respublikachilar bu borada qat’iy pozitsiyada.
Prezident Obama:
“Biz o’z erkinligimizni himoya qilish bilan bandmiz, lekin boshqalarning yashash va baxtli hayot kechirish erkinligi-chi? Bleksburg va Santa Barbara kollejlarida begunoh bolalar otib o’ldirildi. Kolambayn va Nyuton shaharlarida o’quvchilar katta sonda nobud bo’ldi. Ularning umri bevaqt xazon bo’ldi…”
Amerika qurol uyushmasi mamlakatdagi eng qudratli lobbichi hisoblanadi.
Bu tashkilot nazarida Obama jinoyatlarda qurolga ega fuqarolarni ayblab, bu erkinlikni tanqid qilishi adolatdan emas. Ayrim ekspertlar ham shunday fikrda.
Jon Malkom, xavfsizlik bo'yicha mutaxassis:
“Prezident qurol lobbichilarini xohlagancha nishonga olishi, ularni yomonotliq qilishga urinishi mumkin. Lekin bu tashkilotlar maqsadidan qaytmaydi. Ular uchun konstitutsiya bosh qomusdir”.
Respublikachilar prezident ko’rayotgan choralar ustidan Oliy sudga murojaat qilishi mumkin yoki kelasi prezident respublikachi bo’lsa, tartib o’zgaradi.
Qurol nazoratini kuchaytirish tarafdorlari nazarida esa Obama Kongressga bosimni oshirib to’g’ri qilmoqda. Shunday qilish kerakki, deydi ular, nafratga to’la shaxslar qurolga yetolmasin.