Breaking News

Qurol nazoratiga oid yangi qarorga amerikaliklar qanday munosabatda?


Har yili AQShda 30 mingdan ziyod odam o’qotar quroldan halok bo’ladi. Bu boshqa mamlakatlarga qaraganda ancha ko’p.

Prezident Barak Obamaning yangi qaroridan bir oy oldin Kaliforniyaning San-Bernardino shahridagi otishmada 14 odam nobud bo’ldi.

“Pyu” (Pew) tadqiqotlar markazi avgust oyida o’tkazgan so’rov natijasiga ko’ra, amerikaliklarning 85 foizi, shu jumladan 88 foiz demokrat va 79 foiz respublikachilar, qurol sotib olayotgan shaxsni obdon tekshirish kerak deb hisoblaydi.

Qariyb 80 foiz amerikaliklar ruhiy kasalga chalingan odamlarga qurol sotishni taqiqlovchi qonun kiritilishi kerak degan fikrda. So'ralganlarning 70 foizi esa qurol-aslaha savdosini kuzatish uchun maxsus federal ma'lumot tizimi tuzishni ma’qullaydi.

Si-En-En (CNN) telekanali dekabr o’rtasida o’tkazgan so’rovda esa respondentlarning 48 foizi qurol nazoratini kuchaytirish kerak desa, 51 foizi bunga qarshi chiqqan.

Obama rejasiga ko’ra, o’qotar qurol sotadigan har bir do'kon ruxsatnoma olishi va qurol sotib olayotgan har bir shaxs har tomonlama tekshirilishi kerak.

Yana bir so’rovd 89 foiz odam bunday chorani ma’qullagan.

Qurol xaridorlarini tekshirish, databaza yaratish

“Gellap” (Gallup) markazi oktabrda o’tkazgan tadqiqotiga ko’ra, so’ralganlarning 86 foizi mamlakat bo’ylab markazlashtirilgan ma’lumotlar bazasini yaratish va qurol sotib olayotgan har bir kishini tekshirishni talab qiladigan qonunni ma’qullagan.

Biroq aksariyat amerikaliklar uchun iqtisod va federal hukumat faoliyati qurol nazoratiga qaraganda muhimroq masalalar. Ammo respublikachilarga qaraganda (23 foiz) demokratlar (76 foiz) va hech bir partiya a’zosi bo’lmagan (51 foiz) ovoz beruvchilar orasida qattiqroq qurol nazorati tarafdorlari ko’proq.

Ayni vaqtda amerikaliklarning 83 foizi - terrorchilar ro’yxatiga kiritilgan shaxslarga qurol sotishni taqiqlaydigan qonun tarafdori.

Prezidentlikka nomzodlar munosabati

Oq uyga intilayotgan respublikachilar fikri, kutilganidek, tanqidiy. Demokratlar esa prezident qarorini ma’qulladi.

Milliarder Donald Tramp, senator Ted Kruz va Nyu-Jersi gubernatori Kris Kristi prezident etib saylansa Obama qarorini bekor qilmoqchi. Respublikachi nomzodlar yangi qarorni “noqonuniy va konstitutsiyaga zid” deb baholadi.

Demokartlardan asosiy nomzod Hillari Klinton esa Obama ko’rgan choralarni yuqori bahomoqda.

Yakshanba kuni bergan bayonotida u “Men qurol nazorati haqidagi takliflarimni kiritganimda, agar Kongress bu masalada qaror qabul qilmasa, o’z vakolatimdan kelib chiqqan holda qonun doirasida kerakli choralar ko’raman, deb aytgan edim. Prezident shunday qilganini men olqishlayman”, - deb aytdi.

Senator Berni Sanders ham Prezident Obama rejasini oqlab, “amerikaliklar undan aynan shunday qadamni kutmoqda”, deb aytdi.

Amerikaning yaqin o'tmishdagi rahbarlaridan keksa Jorj Bush Kongress roziligini olmagan holda 155 qaror qabul qilgan, Bill Klinton - 364 ta, kichik Jorj Bush esa 291 ta. Obama esa shu kungacha 227 ta shunday qaror qabul qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG