Barak Obama prezidentlikka kelganidan beri mamlakatdagi ommaviy otishmalar xususida 15 marotaba bayonot qilgan. Eng so’nggi bor shunday voqea o’tgan hafta Kaliforniya shtatining San-Bernardino shahrida ro’y berdi. Shundan so’ng mamlakat bo’ylab qurol nazoratiga doir munozaralar yangidan avj oldi. Biroq bu boradagi qonunlarni o’zgartirish oson emas.
Amerikada har safar qurollangan odam qo’lidan begunoh insonlar o’lganida Prezident Obama qonunlarni o’zgartirish kerak, deb chiqadi.
“Jamiyat sifatida bir bo’lib harakat qilishimiz kerak. Shunday qoidalar bo’lishi lozimki, odamlarning qurolni qo’lga kiritishi qiyinlashsin. Umuman qurol ololmasin demayapman, ammo hozirgiday yengil bo’lmasin”, - deydi prezident.
Biroq qonunlarni o’zgartirish uch sababga ko’ra oson ish emas. Birinchisi, an’ana.
Ba’zilar nazarida Konstitutsiyaning ikkinchi tuzatishi amerikaliklarga qurolga egalik qilish huquqini beradi. Sobiq respublikachi kongressmen, hozirda lobbichi Vin Veber shulardan biri.
“Qurolga egalik qilish mamlakat o’zligining ajralmas qismi degan qandaydir amerikacha afsonaviy tushuncha mavjud bizda”, - deydi u.
Ikkinchi sabab AQSh Milliy qurol uyushmasi. Bu lobbichi guruh qurolga egalik qilishga imkon beruvchi qonunlarni himoya qilish maqsadida so’nggi uch yilda 10 million dollar sarfladi. 300 million dollarlik byudjetga ega tashkilotning to’rt million a’zosi bor.
“Milliy qurol uyushmasi juda ham qudratli guruh, chunki siyosiy jarayonlarda faol, o’zini ifoda etuvchi, muntazam ovoz beruvchi odamlar manfaatlarini himoya qiladi”, - deydi sobiq qonunchi.
Odatda qurol nazoratiga doir qonunlarni demokratlar taklif etadi. Respublikachilar esa ularni o’tkazmaydi.
“Amerika xalqi o’z so’zini baralla aytmaguncha, boshi berk ko’chadan chiqa olmaymiz”, - deydi demokrat-senator Chak Shumer.
Bu esa uchinchi sabab. Amerikaliklarning bu masalada fikri bo’lingan. So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, aholining 52 foizi qurolga egalik qilish tarafdori.
“Ko’pchilik amerikaliklarning fikri shuki, qurol shaxsiy himoya uchun kerak”, - deydi "Pyu" tadqiqotlar markazidan Kerrol Doreti.
Faollar Prezident Obamadan Kongressga qarab turmasdan harakat qilishni so’ramoqda. Ular, shuningdek, davlat rahbarini qurol ishlab chiqaruvchi ilg’or kompaniyalardan mahsulotlarini kimga tarqatayotganini oshkor etishni talab qilishga hamda jinoyatlarda qo’llangan qurollarni sotgan dilerlarni jazolashga chaqirmoqda.
“Qurol nazorat qilinsin, demaymiz. Qurollarning jinoyatchilar qo’liga tushishining oldi olinishini istaymiz, xolos”, - deydi ruhoniy Entoni Bennet.
Ba’zilar agar jiddiy chora ko’rilmasa, otishmalar tugamaydi degan fikrda. Biroq aynan qanday chora otishmalarga barham berishi hozircha aniq emas.