Breaking News

Obama noqonuniy immigratsiya oqimini to'xtatish uchun nima qiladi?


Masalani tubdan hal qilish uchun Markaziy Amerika davlatlarida jinoyatchilik, qashshoqlikni tugatishga yordam berish lozim, deydi u.

Prezident Barak Obama immigratsion tanazzulga yechim izlayotganini aytmoqda. Lekin muammoni tubdan hal qilish uchun Markaziy Amerika davlatlarida jinoyatchilik va qashshoqlikni tugatishga yordam berish lozim, deydi u. Shu muammolar sababli odamlar jonidan to’yib chegaradan o’tmoqda.

Obama Texas, muhojirlar oqimini eplolmay qolgan shtatda so’zladi. Oxirgi oylarda 57 ming yosh bola, yolg’iz chegarani kesib o’tishga uringan.

“To’g’ri, masalani tubdan hal qilish uchun Vakillar palatasi immigratsiya tizimi islohotiga yo’l ochishi kerak. Bu haqdagi qonunga xo’p deyishi kerak. Bu esa chegara xizmatchilari sonini bir necha ming kishiga oshirish, buning uchun moliyani ma’qullash degani”, - deydi Amerika rahbari.

Respublikachilar tanazzulda demokratlarni ayblaydi. Arizona shtatidan respublikachi senator Jon Makkeyn so’zlariga ko’ra, 2013-yilda har 20 nolegal muhojirdan faqat bittasi vataniga qaytarilgan.

“Muhojirlar chegarani kesib o’tishda davom etayapti. Ular AQShdan haydab solinmasligiga zarracha bo’lsa ham ishonsa, yo’lga otlanaveradi. Raqamlardan qiyos”, - deydi senator.

Delaver shtatidan demokrat Tom Karper nazarida immigrant nima sababdan yurtini tashlab chiqayotganini aniqlash muhim.

“Gvatemala, Salvador, Gondurasda tirikchilik nihoyatda og’ir. Hatto hayot uchun xavfli. Shu yil o’zim guvohi bo’ldim. Mintaqada zo’ravonlik muntazam tarzda oshib borayapti. Bu yerda qotilliklar ko’lami dunyoda eng yuqori ko’sarkichni tashkil etadi. Odam o’g’irlashlar, pul undirishlar odatiy tusga aylangan. Iqtisodiyotlar esa turg’un bir ahvolda. Fuqarolar uchun ish o’rinlari yaratilmayapti”, - deydi Karper.

Rigoberto Xernandez Salvadorda avtobus haydaydi.

“Xatarli albatta. Ertalab soat to’rtda ish boshlayman. Birovga yoqmay qolsam, pichoqlab ketishadi tamom. Hayot qolish uchun pora berishga majburman”,- deydi u.

Meksikada ahvol o’xshash. Bu davlatdan odamlar ommaviy ravishda Amerikaga qochayapti. Lekin oxirgi raqamlarga qaraganda, meksikalik muhojirlar soni biroz kamaygan. Boj va chegara himoyasi xizmatidan Jil Kerlikovski buni AQSh-Meksika hamkorligi bilan tushuntiradi.

“Qoradoriga qarshi kurashda ijobiy natijalarni kuzatdik. Meksika hukumati xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga harakat qilayapti. Iqtisodiy imkoniyatlar ham borgan-sari kengaymoqda”, - deydi Kerlikovski.

Kongress Obama ma’muriyati so’ragan qariyb 4 milliard dollarni ma’qullash ustida o’ylanib qolgan. Pul noqonuniy muhojirlar oqimi bois vujudga kelgan gumanitar tanazzul yechimiga mo’ljallangan. Lekin e’tiroz shuki, bu mablag’ hisobiga yollanuvchi chegarachilar va yangi devorlar vaqtincha davo, xolos. Notinch, beqaror davlatlarda yashash sharoitini yaxshilashgina uzoq muddatli yechim bo’la oladi.

Amerika hukumati har yili yuzlab ming chet ellikni deportatsiya qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG