So’nggi paytlarda Markaziy Amerikadan AQShga chegarani buzib kirayotgan yoshlar ko’paydi. Immigratsiya bo’yicha davlat idoralari yoshidan qat’i nazar bunday odamlar deportatsiya qilinishini aytadi. Ammo sudlar va Obama ma’muriyatining deportatsiyani bekor qiluvchi qarorlari Amerikada yashash ilinjida bo’lgan ko’pgina odamlarga umid bermoqda.
So’nggi bir yilda 50 ming bola Markaziy Amerikadan AQShga kirmoqchi bo’lganida chegarada qo’lga tushgan. Aksariyati vatanidagi jinoiy to’dalardan hamda qashshoqlikdan qochmoqchi bo’lganini aytadi. Ayni vaqtda, voyaga yetmagan bolalar AQShdan o’z mamlakatiga haydalmasligiga umid qilib keladi.
Elin Rivas Merilend shtatida yashaydi, hujjatlari yo’q. Yaqinda 15 yoshli o’g’li Ektorni Qo’shma Shtatlarga noqonuniy yo’l bilan olib kelish uchun 15 ming dollar to’ladi. Bola Texasda, chegarada qo’lga tushdi, lekin keyinchalik ozod etildi. Hozir onasi bilan, sudni kutmoqda.
Elin Rivas o’g’li deportatsiya qilinmasligiga ishonadi:
“Yo’q, menimcha, uni uyga qaytarib yuborishmaydi. Bilmayman. O’g’limni haydashmas, deb umid qilaman. Xudoga ishonaman”.
Obama 2007-yilgacha voyaga yetmay turib AQShga kelgan va hujjatsiz yashayotgan muhojirlarni deportatsiya qilmaslikka qaror qilgan. Tanqidchilar bu qaror nolegallarni ko’paytirdi, deydi.
“Vashingtoning Lotin Amerikasi idorasi” nomli tashkilotda xavfsizlik bo’yicha tahlilchi Adam Ayzakson hujjatsiz muhojirlarga amnistiya berilishi haqida mish-mishlar bor, deydi.
“Gazetalarda va hatto odamlarni noqonuniy ravishda chegaradan olib o’tadigan kontrabandachilar orasida shu yil oxirigacha amnistiya bo’lishi haqida mish-mishlar bor. Ayollar va yosh bolalar uchun AQShga kelishni ruxsat etuvchi ko’rsatma bor, deyishadi”.
Ichki ishlar vaziri Je Jonson rasmiy Vashingtonning masala yuzasidan siyosatiga tushuntirish berar ekan, bunday dedi:
“Chegarada qo’lga tushganlar birinchi navbatda deportatsiya qilinadi. Immigratsiyaga oid qonunlarimiz yoshdan qat’i nazar ularga nisbatan qo’llanadi”.
Ammo Ayzakson deydiki, bolalar vatanida jinoiy to’dalar o’ljasiga aylanishini isbotlasa, sudlar deportatsiya haqdagi qarorni bekor qilishi mumkin.
“Bu bolalarning ba’zilari Amerikada qolishi mumkin, ular vataniga qaytgach xavfga yo’liqishini dalil bilan isbotlay olsa,” - deydi u.
Shu yil oxirigacha AQSh chegaralarini yana 60 ming bola kesib o’tishga urinadi. Prezident Obama ularga nisbatan deportatsiya haqidagi qonun qo’llanishini aytmoqda. U, shuningdek, Kongressdan yosh immigrantlar masalasini hal etish uchun 160 million dollar mablag’ so’ragan.