Breaking News

Yangi Amerika, immigratsiya va muhojirlar, 2-qism


Yangi Amerika, immigratsiya va muhojirlar 3-qism /New Face of America, VOA documentary Part 3
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:07 0:00
Immigrantlar yurti. Kim unga mansub, kim esa yot? Hozir AQShda 11 million noqonuniy muhojir bor. Taqdiri mavhum bu odamlarga bag'ishlangan hujjatli film shu haqda (2-qism).

Meksika bilan chegaradosh hududlar

Arizona shtati va Meksika o’rtasidagi chegara yaqinida joylashgan fermalar sohiblari chegara mustahkamlanishi tarafdori. Immigratsiyaga oid islohot ham shuni ko’zlashi kerak, deydi.

Den Bell Nogales shahri yaqinida yashaydi.

“Xabarlarda doim chegara mustahkamligi haqida gapirishadi. Ammo aslida ayrim hududlarda xavfsizlik ta’minlangan bo’lsa-da, boshqalarida bu - jiddiy muammo. Chunki chegaraning ayrim qismlarini noqonuniy ravishda kesib o’tayotganlar ko’paygan,” - deydi u.

Den Bell men ham, qo’shnilarim ham chegara buzuvchilarni tez-tez uchratamiz, deydi.

“Biz u yerda chegara xizmati ayrim shaxslarni qo’lga tushirganini ko’ramiz. Lekin ayrimlarning chegara xizmatidan qochib qutulgani guvohi ham bo’lganmiz. So’ngra yana chegarani kesib biz tarafga o’tganini ko’rganmiz,” - deydi u.

Chegara xizmati chegarani kesib, Meksika hududiga o’ta olmaydi. Rancho sohiblari xavfsizlikdan xavotirda. Bell qoramol yetishtiradi, sigir-buzoqlari haqida o’ylashga majbur. Chunki avtomat qurollar ko’targan odamlarni ham uchratgan. Bundan uch yil avval qo’shnisini chegarani buzgan odam otib o’ldirgan.

“Bizga qarashli yerda begona odamlar yurganini ko’rsak, tashvishga tushishimiz tabiiy. Ular ish izlab kelganmi yoki boshqa shaharda qotillik sodir etganmi?”

Den Bell fermasi 160 kilometrga cho’zilgan. 12 kilometri – Meksika bilan chegara. Har kuni chegara buzib o’tiladi, deydi u:

“Mana bu yerni bir necha marta kesib o’tishgan. Ta’mirlashga to’g’ri kelgan”.

Bellga qarashli yer Meksika bilan chegaradosh, lekin o’rtada tikanli simdan boshqa to’siq yo’q.

“Bunday sim yetti milyaga cho’zilgan. Ikki milya davomida esa devor bor. Juda mustahkam devor. Uni teshib o’tolmaysiz. Lekin harakat qilsa ustidan oshib o’tish mumkin”.

“Odamlar chegarani kesib o’ta boshlaganida hududda axlat ancha ko’payganini payqadik. Bu biznes uchun zarar, chunki biz tozalash ishlariga pul sarflashga majburmiz. Umuman, xarajatlar katta. Tikan simni tez-tez almashtirish kerak, suv inshootlarini ham ta’mirlash zarur, qoramolga qarash oson ish emas. Sotiladigan 100 funt mol go’shtiga 15 dollar xarajat bor. Bu yerda yashaydigan fermerlar esa buning ustiga yana 75-105 dollar sarflashga majbur, faqat chegara buzilgani sababli,” - deydi Bell.

Chegaradagi to’siqlar, kuzatish uskunalari, chegara xizmati zobitlari va vertolyotlar juda muhim, deydi Bell. Lekin eng samaralisi chegara xizmati nazorat qila oladigan yo’l bo’lardi. Immigratsiya islohoti shuni nazarda tutishi kerak, deydi u.

“Ayrim hududlarda vaqt o’tgan sari vaziyat yaxshilanganini ko’rdim. Demak, ishni davom ettirish kerak. Bu hududlarda yashaydigan odamlar tikanli simlar o’rnatgan. Ulardan vaziyat qanday, yaxshilanganmi yoki yomonlashganmi, xavfsizlik masalasi qanday, deb so’rash kerak”.

Noqonuniy immigratysiya qimmatga tushadi. Narxi inson hayoti ham.

Arizona shtatidagi Tason shahri yaqinidamiz. Sobiq flot ofitseri Jerri Volf 20 ming gektarlik King Anvil ranchosida xavfsizlik bo’yicha rahbar.

Meksika chegarasidan 50 kilometr naridagi Alter vodiysi odam va narkotiklar kontrabandasi gurkiaryotgan joy.

Advokat va inson huquqlari faoli Izabel Garsia:

“Bu yerda inson huquqlari inqirozini kuzatyapmiz. Oilalar bir-biridan ajralgan, qamalganidan tashqari bu yerda uzoq vaqtdan beri odamlar cho’lu-biyobonda nobud bo’lmoqda. Mana shu inqiroz. Ilgari bunaqasi bo’lmagan. Chegarada zo’ravonlik hollari kuzatilardi. Ammo Meksika bilan migratsiyaning bir ko’rinishi – odamlarning o’limi ekani yangicha hol”.

Jerri daraxtlar tagida bir nimani payqadi. Borib tekshirganda noqonuniy savdo bilan shug’ullanadigan odamlar chegarachilar vertolyotlaridan yashirinadigan joyni topdi.

Bu yerda yaqinda odamlar bor edi.

Jerri chegara xizmatiga berish uchun dalil izlamoqda: “Cho’lda mana bunday shishalar topish mumkin, masalan, nasha".

Noqonuniy narkotiklar savdosi bilan shug’ullanadiganlar mahsulotni o’zi ham iste’mol qiladi. AQSh uyali telefoni ham bor. Undan bir marta chegaraning bu tarafidagi odamga qo’ng’iroq qilinganu tashlangan.

“Ranchodan 15 milya naridamiz. Katta yo’ldan 25 milya narida. Ularning ichishga suvi ham bo’lmasa kerak. Demak, ular hech qayerga yetib borolmaydi. Mol uchun qoldirilgan suvni topsa, ichishi mumkin. U holda kasal bo’lib qolishi turgan gap,” - deydi Volf.

“Immigratsiya islohotini muhokama qilayotgan odamlarga bir savolim bor. Hamma hujjatsiz muhojirlarga fuqarolik berish haqida gapiryapti. Lekin mening savolim jiddiy: odamlar cho’lda o’lishda davom etadimi? Agar ular ha, deb javob bersa, men bunday islohotni qo’llab-quvvatlamayman”.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG