AQSh prezidenti Barak Obama immigratsiya masalasida qaror qabul qilishni noyabr oyidagi Kongress saylovlaridan keyinga qoldirganini ma’lum qildi.
Oq uy rasmiysining aytishicha, saylov arafasida o’ta siyosiylashgan bu nozik masalani davlat rahbarining bir o’zi hal qilishi keng miqyosli yechim topish istiqboliga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. Ammo prezident hanuz yil oxirigacha bu mavzuni bir yoqli qilish qarorida qat’iy ekanini bildirgan.
“NBC” jurnalistiga intervyu bergan Obama immigratsiya masalasida qaror berishni kechiktirganining sababini muammoga davomiy yechim topish istagi bilan izohlagan.
Prezidentning bu harakati demokratlarga nisbatan respublikachilar bosimini kamaytirish maqsadida amalga oshirilgani aytilmoqda. Senatda ko’pchilik o’rinlarga egalik qiluvchi demokratlar noyabrda bo’lib o’tadigan saylovlarda respublikachilarga imkoniyatni boy berib qo’yishni istamaydi.
Respublikachilar demokratlar yetakchisi prezident Barak Obamaning noqonuniy muhojirlarga huquqiy maqom berish to'g'risidagi qonunni Kongress ishtirokisiz bir o’zi qabul qilishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishini keskin tanqidlar bilan qarshi olgan edi. Respublikachilar nazorati ostidagi Vakillar palatasi Obama tashabbusi bilan ishlab chiqilgan immigratsiya qonunini qabul qilishdan bosh tortib keladi.
Bu masalada qaror berishni ortga surganimning sabablaridan biri shuki, immigratsiya inqiroz darajasiga yetgan muammo emas, deydi Obama. Prezidentga ko’ra, hozir bundan 10 yil oldingiga qaraganda ancha kam odam deportatsiya qilinmoqda.
Odamlarning vaziyatni izdan chiqqan deb hisoblashiga sabab, ularga bu mavzuda to’g’ri axborot berilmayapti, deydi AQSh rahbari. Obamaning aytishicha, chegarani yolg’iz kesib o’tayotgan bolalar sonida ham ancha kamayish kuzatilgan.