AQSh Prezidenti Barak Obamaning aytishicha, Eron atom dasturini cheklashga qaratilgan muvaqqat bitim Tehronga yadro qurolini yaratishga to'siq qo'yuvchi eng yaxshi kelishuvdir. Eron buning evaziga sanksiyalardan xalos bo'ladi.
"Sanksiyalar davom etishi ham mumkin edi, biroq bu holda dunyo Eron yadro dasturi haqida ma'lumotga ega bo'la olmasdi. Tehronga qarshi harbiy zarba esa vaqtincha chora bo'lib, Eronni tezroq bomba yaratishga undar edi", - deydi Obama "Nyu-York Tayms" gazetasiga bergan intervyusida.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Shveysariyaning Lozanna shahrida imzolangan hujjatni tanqid qilib, bitim Eronning yirik yadroviy infratuzilmasiga ta'sir qilmasligini aytadi. Bunday holatda Eron ertami, kech yadro qurolini yaratishga muvaffaq bo'ladi, deydi u.
Obamaning aytishicha, AQSh Isroilni so'zsiz himoya qilishga tayyor.
"Isroilning Eron yadro dasturidan xavotir olishga haqqi bor. Isroil xalqi shuni bilsinki, Eronni yadro quroliga yo'latmaslik uchun diplomatik tashabbusdan, kelishilgan bitimdan boshqa chora, formula yo'q", - deb yozadi Obama.
30-iyungacha Eron va olti yirik davlat yakuniy bitim imzolasagina, Eronga qo'yilgan sanksiyalar bekor qilinadi.
"Eron inspeksiyalarga uchraydi, bitimga amal qilayotgani muntazam ravishda tekshirib boriladi", - deydi Obama.
Kelishuvga ko'ra, Tehron kelasi 15 yil davomida yadro yonilg'isini 3,67 foizdan ko'p boyitmaslikka, zaxiradagi boyitilgan uranning aksariyatini xorijga chiqarishga, Fordodagi yerosti yadro inshootida ortiq uran boyitmaslikka, Arak reaktorining vazifasini o'zgartirishga kelishdi.
Eron, shuningdek, yadro reaktoridagi sentrifugalari sonini 19 mingdan 6100 taga tushirishga rozi bo'ldi.