Prezident Barak Obamaning chorshanba oqshom e'lon qilgan strategiyasiga Kongressdagi ayrim qonunchilar munosabat bildirmoqda.
Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Jon Beynerning aytishicha, aksariyat respublikachi qonunchilar Obamaning Iroq va Suriyada jihodchilarga qarshi rejasi samara berishiga ishonmaydi. Ular nazarida choralarni kuchaytirish zarur.
Rejaga ko'ra, AQSh Iroq xavfsizlik kuchlari va Suriya muxolifatini qurollantirib, tayyorlaydi. Buni qo'llab-quvvatlaymiz, biroq bunga uzoq vaqt ketadi, "Islomiy davlat" ga esa zarbani hozir berish kerak, deydi Beyner.
Luiziana shtatidan saylangan respublikachi kongressmen Jon Fleming strategiyaga umuman qarshi. Uning nazarida, AQSh mahalliy kuchlarga tayanib, xato qiladi. Fleming Amerikaning o'zi harbiy harakatga bosh bo'lsin, deydi.
Vakillar palatasining Qurolli kuchlar qo'mitasi raisi, respublikachi kongressmen Xovard Makkeon rejaning ayrim qismlarini qo'llab-quvvatlayman, dedi. Xususan, jihodchilarga qarshi havodan zarbalarni kuchaytirishni.
Nyu-Yorkdan demokrat qonunchi Eliot Engel Obama rejasiga xayrixohlik bildirdi.
Senat Qurolli kuchlar qo'mitasi a'zosi, Alyaskadan demokrat Mark Begich esa Amerikaning Iroqda yana bir urush boshlashiga qarshi. Uning aytishicha, "Islomiy davlat" ga qarshi havo hujumlariga qo'shimcha harbiy harakatlarga Obama Kongress ruxsatisiz qo'l urmasligi kerak.
Muxolifat Obamaning "Islomiy davlat" ga qarshi strategiyasiga shubha bilan qaraydi
- Amerika Ovozi