Breaking News

AQSh Iroq armiyasi va Suriya muxolifatiga yordamni oshiradi


“Islomiy davlat” islomiy ham emas, davlat ham emas, deydi AQSh prezidenti Barak Obama Oq uydan turib xalqqa qilgan murojaatida. Bu guruh nafaqat Iroq, balki Suriyada ham nishonga olinadi. AQSh boshchiligida xalqaro koalitsiya tuzilmoqda. Vashington Yaqin Sharq mamlakatlaridan jiddiy hamkorlik kutyapti.

Al-Qoidadan ajralib chiqib, alohida tizimga aylangan bu shafqatsiz to’da hozirda Iroq va Suriyaning katta qismlarini egallab olgan va aholini o’ziga kuch bilan bo’ysundirmoqda. Xalifalik e’lon qilgan.

Obamaning aytishicha, guruh dunyo tinchligiga raxna solmoqda, chora ko’rish kerak.

“Davlatimizga xavf solayotgan terrorchilarni, qayerda bo’lmasin, qiramiz. Bu boradagi qarorim qat’iy. “Islomiy davlat” Iroqdami yoki Suriyada, nishonimizda. Unga qarshi keskin kurash olib boramiz. Prezidentligim tamoyili shu: Amerikaga tahdid soldingmi, hech qayoqqa yashirina olmaysan”, - deydi Obama.

Prezident urushlardan to’ygan, Amerika chet elda yana bir harbiy kampaniya boshlamasin deya xavotirda o’tirgan ommaga gapirarkan, yaqinda jangarilar o’ldirgan ikki jurnalist hammaning ko’zi oldida. Obama Yaman va Somalidagi terror tizimlariga qarshi qo’llangan strategiyaga o’xshash reja xususida gapirdi. Maqsad - “Islomiy davlat”ni tashkilot sifatida kuchdan qoldirish va yo’q qilish.

Qo’shma Shtatlar jihodchilarning Suriyadagi o’choqlarini havodan o’qqa tutadi. Bu davlatning zolim rahbari Bashar al-Assadga ishonch yo’q, deydi Obama. Vashington Suriya muxolifatiga yordamni oshiradi, uni qurol bilan ta’minlaydi.

Iroqda yangi hukumat ishga tushar ekan, bu mamlakatdagi havo hujumlari hajmi kengayib, mahalliy kuchlar malakasini oshirayotgan amerikalik harbiy mutaxassislar soni yana 500 ga ko’payadi. Bu bilan AQSh Iroqda 1500 zobitga ega bo’ladi. Ular jangchilar emas, deydi prezident.

“Amerika xalqi shuni bilsinki, bu Afg’oniston va Iroqda olib borgan urushimizdan keskin farq qiladi. Xorijiy davlatga qo’shin yubormaymiz. Iroq armiyasiga yordam beramiz xolos”, - deydi u.

AQSh “Islomiy davlat” ga qarshi harakatlarni yolg’iz o’zi olib bormaydi, deydi Obama. NATO doirasidagi ittifoqchilar hamda mintaqadagi davlatlar, xususan, Saudiya Arabistoni koalitsiyada yetakchi rol o’ynashi kutilmoqda.

Suriya muxolifatiga yordamni oshirish uchun prezident Kongressdan izn olishi shart. Obama qonunchilardan uning takliflarini tasdiqlashni so’ramoqda. Dunyo Amerika xalqi bu masalada yakdil ekanini ko’rsin, deydi Obama.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG