Barak Obama AQSh tarixidagi ilk qora tanli prezident. Ayni paytda u davlat rahbari sifatida so’nggi yillarini jamiyatdagi irqiy tengsizlik va ozchilik elat vakillari yuzlashadigan muammolarga yechim izlash bilan o’tkazmoqda. “Birodarimning yordamchisi” nomli tashabbus asosida 250 dan ziyod hududda yoshlar uchun 600 million dollarlik dastur amalga oshirildi.
Lens Dan bu kunlarga yetishi uchun ikki yil tinimsiz o’qidi.
23 yoshli filadelfiyalik yigit maktabni bitira olmay tark etgan edi. U maxsus dastur asosida maktab sertifikatini qo’lga kiritdi va endi kollejda o’qish niyatida.
“O’rningdan tur va ishlashda davom et. Muvaffaqiyat kaliti shu. O’z maqsadlaringdan chalg’imasliging kerak”, - deydi u.
Har yili mingga yaqin yosh Filadelfiyadagi nodavlat tashkilot yo’lga qo’ygan dastur asosida ta’lim oladi.
Tashkilot rahbari Tara Myullenning aytishicha, yoshlarga maktabni bitirib ish topishida ham yordam beriladi.
“Ko’pchilik bizning loyihalarga yordam beryapti. Jinoyatchilik, uysizlik yoshlar yo’liqayotgan muammolardan. Shunday yoshlarga ko’mak beryapmiz”, - deydi u.
Ikki yil oldin Prezident Obama ozchilik guruh vakillari bo’lgan va imkoniyati cheklangan yoshlarga yordam berish maqsadida “Birodarimning yordamchisi” nomli dastur tashkil qilgan edi.
Filadelfiya tashabbusda qatnashgan dastlabki shaharlardan. Bu yerdagi dastur ijrosi uchun davlat va xususiy donorlar hisobidan 90 million dollar mablag’ yig’ildi.
Bitiruv marosimida Gay Jenerals 38 bitiruvchiga oddiy zavod ishchisidan doktorlik darajasigacha bo’lgan hayot yo’lini gapirib berdi. U hozir Filadelfiya jamoatchilik kolleji prezidenti.
“Ta’lim ular hayotini o’zgartiradi. Ular yaqin kelajakda ilmda muvaffaqiyatga erishishning foydalarini ko’radi”, - deydi Jenerals.
19 yashar Antoni Simpson allaqachon buning ta’sirini sezgan. Maktabni tashlab ketgan bu yigit ikki oy ichida sertifikatni qo’lga kiritib, hatto kollejga ham o’qishga kirdi.
“Ular menga muntazam yordam berishdi. Har kuni ertalab Mr. Jordan sinf oldida meni kutib o’tirardi. Ular menga dalda bo’ldi. Busiz men bitira olmagan bo’lardim”, - deydi u.
Bu yoshlarning kelajakdan umidlari katta. Kamida bakalavr darajasiga ega bo’lishni maqsad qilishgan. Bu narsa yaqingacha ular uchun ushalmas orzu edi.