Breaking News

Obama reytingining pastligi demokratlarga saylovda ziyon qilishi mumkin


Prezident Barak Obama
Prezident Barak Obama

Joriy yil noyabrida Amerikada Kongressga saylovlar o’tkaziladi. Prezident Barak Obamaning qonunchilik organiga saylanishga umid qilayotgan demokrat safdoshlari shu kunlarda reytingi ancha past davlat rahbaridan o’zini nariroq tutishga harakat qilmoqda. Obamani hozirda aholining 40 foizi qo’llab-quvvatlamoqda, xolos. Demokratlar saylovlarda yaxshi natija ko’rsatib, Senatda ko’pchilik o’rinlarni saqlab qolishga harakat qilmoqda.

AQSh hukumatining immigratsion siyosati tarafdorlari va unga qarshilar Arizona shtatida namoyish qilmoqda. Kimdir chegarani noqonuniy kesib o’tgan markaziy amerikalik muhojir bolalar deportatsiyasini talab qilsa, kimdir ularga yordam beraylik, demoqda.

Prezident Obama immigratsion islohot, iqtisod va Vashingtondagi siyosiy turg’unlikni hal etishga harakat qilmoqda.

“Kongress hech narsa qilmasa ham, bu kabi oilalarga yordam berish uchun barcha qonuniy vakolatimni ishga solaman. Biror narsani uddalashga harakat qilaman”, - deydi Obama.

Vakillar palatasidagi respublikachilar Obamani vakolatini suiiste’mol qilganlikda ayblab, sudga bermoqchi. Prezident pinagini buzmayapti.

“Bularni eshityapsizmi? “Sudga beraylik!” “Impichment qilaylik!” deb hitob qilishyapti. Nahotki? Nima uchun? O’z ishimni burchimni etganim uchunmi?” - deydi prezident.

Muxolifat davlat rahbarini AQShning janubiy chegaralarini qulfga sola olmaganlikda ayblamoqda. Vakillar palatasi spikeri Jon Beyner shular jumlasidan.

“Bu uning prezidentligi davrida paydo bo’lgan muammo! Axir u mamlakatni besh yarim yildan beri boshqarmoqda. Qilgan biror ishi uchun javobgarlikni o’z bo’yniga oladimi o’zi?” - deydi u.

Prezidentga liberal demokratlar ham bosim qo’ymoqda. Kongressmen Luis Guterres uni Markaziy Amerika davlatlaridan AQShga kelib qolgan yosh muhojirlarni himoya qilishga chaqirmoqda.

“Prezidentning shu maqsadda byudjetdan pul olish iltimosini qo’llab-quvvatlayman. Bu bolalarning ishini adolat bilan ko’rib chiqish lozim”, - deydi Guterres.

Prezident reytingining sustligi demokratlarga noyabrdagi saylovlarda pand berishi mumkin, deydi siyosiy tahlilchi Charli Kuk.

“Qachonki Kongressga saylovlardan oldin prezidentning reytingi 50 foizdan kam bo’lsa va uning faoliyatidan norozilar 50 foizdan ko’p bo’lsa, muammoga duch keldik deyavering”, - deydi u.

Tahlilchi Jon Fortyega ko’ra, kelasi yili respublikachilar har ikki palatada ko’pchilikni tashkil etishi mumkin.

“Buning uchun respublikachilarga Senatda oltita o’rin kerak. Imkoniyatlar teng. Vakillar palatasida bir necha qo’shimcha o’rin olib, ular mavqeini oshirishi mumkin bo’ladi”, - deydi Fortye.

Charli Kukning aytishicha, Obama prezidentligining ikkinchi muddatiga o’xshash jarayon yaqin o’tmishda bir necha bor uchragan.

“Prezidentlikning oltinchi, yettinchi, sakkizinchi yilida ular charchab qoladi va muammolar yuz bera boshlaydi”, - deydi Kuk.

Prezident Obama safdoshlariga saylovdan oldin yordam berish maqsadida targ’ibot kampaniyasini boshlab yuborgan, ammo demokrat-nomzodlarning hammasi ham bunday yordamni qabul qilmasligi mumkin.

Obama reytingi va Kongress saylovlari - Obama/Congress
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:07 0:00
Yuklab oling

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG