Noyabr boshidagi saylovlarda g’alaba qilgan Barak Obama prezidentlikning ikkinchi muddatini boshlashga hozirlanmoqda. Yaqin o’tmishga nazar tashlaydigan bo’lsak, ikkinchi muddat biror rahbar uchun oson kechmagan.
Saylov kechasi prezident Obama tarafdorlariga shunday dedi:
“Menga ovoz bergan bo’lsangiz ham, bo’lmasangiz ham, dardingizga quloq soldim, sizdan o’rgandim, mening yaxshiroq prezident bo’lishimga yordam berdingiz. Ishimni yanada mukammalroq bajarish uchun Oq uyga yangicha shijoat va ilhom bilan qaytmoqdaman.”
Saylov kechasi prezident Obama tarafdorlariga shunday dedi:
“Menga ovoz bergan bo’lsangiz ham, bo’lmasangiz ham, dardingizga quloq soldim, sizdan o’rgandim, mening yaxshiroq prezident bo’lishimga yordam berdingiz. Ishimni yanada mukammalroq bajarish uchun Oq uyga yangicha shijoat va ilhom bilan qaytmoqdaman.”
Muxolifatdagi respublikachilar Obama bilan yana to’rt yil ish qilish kerakligidan mamnun emas, ammo bu holatga ko’nikishga majbur.
Tarixga murojaat etadigan bo’lsak, Obama uchun ikkinchi to’rt yillik birinchisidan ancha qiyin kechishi mumkin, deydi sobiq prezident Ronald Reygan ma’muriyatini boshqargan Ken Dubershteyn.
“Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushidan so’ng ikkinchi muddatga saylangan rahbarlarning boshi prezidentlikning beshinchi yoki oltinchi yilida baloga kiradi. Qandaydir mashmasha boshlanib, xato ish qilib qo’yadi”,- deydi u.
Masalan, Richard Nikson 1972-yilda ishonchli g’alabaga erishib, qayta saylangan edi, ammo ikki yil o’tar-o’tmas Uotergeyt mashmashasidan so’ng iste’fo berishga majbur bo’lgan.
Ronald Reyganning obro’si Eron-Kontra ishidan so’ng tushdi. Bill Klinton esa Monika Levinskiy bilan ishqiy aloqalari yuzasidan impichment qilindi.
Jorj Bush Yangi Orleanni qaqshatgan Katrina dovuli asoratlariga qarshi kurashni eplay olmagani uchun keskin tanqid qilingan.
Ayrim tarixchilar buni “ikkinchi muddat qarg’ishi” deb ataydi. Prezident Obama unga tayyorman, deydi.
“Saylovlarni qayta yutganim bilan hamma menga yuz foiz qo’shiladi, deb o’ylamayman. Prezidentlarning ikkinchi muddati bilan bog’liq noxush voqealar haqidagi kitoblarning barchasini o’zlashtirib olganman. Ehtiyot bo’lishga harakat qilamiz.”
Kaliforniya universitetidan tarixchi Metyu Dallek ehtiyot bo’lish yaxshi, deydi.
"Obama imkoniyatlaridan kelib chiqib, ish qilmoqchi, pragmatik siyosat yuritmoqchi, dunyoni ag’dar-to’ntar qilmoqchi emas, osmondagi yulduzni olmoqchi emas. Qo’lidan kelgan ishni qilmoqchi.”
Ken Dubershteynning aytishicha, prezident xalq bilan aloqani kuchaytirishi kerak.
“Eron-Kontra voqeasi paytida xalq prezident Reyganga ishonishni istardi. Unga hurmati ancha baland edi. Prezident Obamada esa hozircha bu yo’q. Ikkinchi muddatining dastlabki oylarida odamlar bilan munosabatga katta urg’u berishi kerak.”
Obama o’tmishdagi prezidentlarning xatolaridan to’g’ri saboq ololsa, “ikkinchi muddat qarg’ishi”dan xoli bo’lishi mumkin.