AQSh Mudofaa vazirligi rasmiylari Kongressga bergan ko’rsatmasida, agar zarurat tug’ilsa, Iroqqa piyoda askarlar ham borishi mumkin, degan edi. Ammo prezident Barak Obama Florida shtatida harbiylar bilan uchrashuvda Iroqqa qo’shin yuborish niyati yo’q ekanini takrorladi.
XXI asr kirib kelishi bilan AQSh bir emas, ikki urushga tortildi. Oradan 14 yil o’tib, mamlakat oliy bosh qo’mondoni askarlarni ortiq urush maydoniga jo’natmaslikka va’da bermoqda.
“Siz va boshqa harbiylar Iroqda yana bir urushda qatnashishini istamayman. O’n yildan ortiq olib borilgan urushdan keyin, endi o’ziga xos imkoniyatlarimizni ishga solib, hududdagi hamkorlarimizga boshqa yo’llar bilan yordam berish ko’proq samara beradi. Ular kelajagini o’zlari belgilashi kerak”, - deydi Obama.
Prezident Obama terrorizmga qarshi kurash va “Islomiy davlat” jangari guruhini yakson qilish bo’yicha ishlab chiqqan yangi strategiyasi yuzasidan qo’mondonlar hisobotini tinglagach, Makdil havo kuchlari bazasida nutq qildi.
Bir hafta avval e’lon qilingan strategiya dunyo bo’ylab jangarilarga qarshi koalitsiya tuzishni hamda guruhga qarshi havo hujumlarini kuchaytirishni ko’zda tutadi.
Prezidentning Iroqqa qayta qo’shin kiritmaslik haqidagi bayonoti AQSh Qurolli kuchlari bosh shtabi qo’mondoni general Martin Dempsi Kongressga hisob berishi ortidan yangradi.
“Agar Amerikaga qarshi tahdid tug’ilsa, men prezidentga murojaat qilib, piyoda qo’shinlarni kiritishni so’rayman”, - degan edi Dempsi.
Ammo Obama askarlarni urush maydoniga jo’natmaslik ahdida qat’iy.
Uning aytishicha, Qo’shma Shtatlar koalitsiyaga yetakchilik qilishda davom etadi, ammo bu yetakchilik boshqacha bo’ladi. “Islomiy davlat”dan tortib Ebolagacha bo’lgan yangi tahdidlarga shunday javob beramiz, deydi Obama.
“Qutqarish amaliyotiga ehtiyoj sezilsa, dunyoga tahdid tug’ilsa, ya’ni jahon yordamga muhtoj bo’lsa, hamma Amerikaga qaraydi. Hatto AQShdan shikoyat qiladiganlar ham. Yordam kerak bo’lganda, ular kimga murojaat qiladi? Albatta, bizga”, - deydi prezident Obama.
Ebola epidemiyasidan aziyat chekayotgan G’arbiy Afrikaga ham eng katta yordamni AQSh va’da qildi. Qo’shma Shtatlar zarur tibbiy markazlarni qurish uchun mintaqaga 3000 askar jo’natmoqda.