Breaking News

Prezident dam olishga haqlimi?


Barak Obama rafiqasi Mishel bilan, 10-avgust, 2013
Barak Obama rafiqasi Mishel bilan, 10-avgust, 2013

Obama ta'tilda, rostdanmi? /Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:27 0:00
Yuklab oling

AQSh rahbari 10-avgustdan 19-avgustgacha dam olishda. Barak Obama oilasi bilan Massachusetts shtatida, Atlantika okeanidagi so’lim bir orolchada, ammo prezidentning ta’tili aslida dam olish emas. Tunu-kun ziyraklik talab qilinadi.

Oq Uy matbuot kotibi Jey Karni so’zi bilan aytganda, prezident Obama okean bo’yida oyoq uzatib yotgani yo’q.

“Prezident bir necha kun oilasi bilan Vashingtondan sal uzoqroqda, bahavo bir joyda vaqt o’tkazishni istaydi. Lekin u qayerga bormasin, davlat rahbari. Kunining asosiy qismi ish bilan band. Bunday oliy lavozimda mas’uliyatni unuta olmaysiz. Muammolarning keti yo’q”.

Prezident ta’tili azaldan tanqid qilinadi. Demokrat prezidentni respublikachilar, respublikachi prezidentni esa demokratlar dangasalikda, xalq qiynalib yotgan bir paytda kayfu-safo qilayotganlikda ayblaydi. Jamiyatimiz ham bunday tanqidga o’rganib ketgan, deydi tarixchi Kennet Volsh.

“Prezident dam olaman deyishi bilanoq muxolifat uni xalq pulini osmonga sovurayotganlikda ayblay boshlaydi. Bu esa suvi chiqib ketgan tanqid”,- deydi Volsh.

Lekin, deydi prezidentlar tarixchisi, Obama “Marta Vineyard” singari faqat boylar dam oladigan go’shaga bormay kamtarona bir joyni tanlasa ma’qul bo’lar edi.

“Amerikaliklarning aksariyati hamon iqtisodiy inqiroz azobini tortmoqda. Boylar orolida dam olish ularning tushiga ham kirmaydi. Prezidentimiz esa 7 million dollarlik villani ijaraga olgan. Bu albatta ko’plarning g’ashiga tegadi, ularni g’azabga keltiradi”,- deydi Volsh.

Prezident ijarani o’z cho’ntagidan to’laydi, ammo ta’til uchun unga davlat hisobidan pul ajratiladi. Uni olib yuradigan samolyotning xarajati soatiga 180 ming dollar.

AQSh chet eldagi elchixona va vakolatxonalarini yopib, terror tahdidi haqida ogohlantirayotgan bir paytda Obamaning ta’tilga chiqishiga balo bormi, deya ajablanayotganlar ham ko’p. Prezident Vashingtonda o’tirib, ishini qilishi kerak.

Tomas Alan Shvortz - Tennessi shtatida joylashgan Vanderbilt Universiteti professori, taniqli siyosatshunos. Ko’p siqilmang, deydi u yurtdoshlariga qarata, prezident kechayu-kunduz davlat ishi bilan band, atrofidan rasmiylar arimaydi, majlis ketidan majlis.

“Prezident bo’lgan odam xohlasa ham dam ololmaydi. Bu mumkin emas. Hali u masala, hali bu muammo. Favquloqqa yig’ilishlar, muhokama… Ta’tilga chiqqanida butun Oq Uy xodimlari u bilan ketadi”,- deydi professor.

Obama ham bu borada ko’p gapirib noligan. O’tgan yili Gavayiga dam olaman deb borganida kutilmagan voqealar yuz berib, zudlik bilan Vashingtonga qaytgan.

2009-yilda yangi yil oldidan ta’tilga chiqqanida terror xuruji xavotiri sabab prezident darhol Oq Uyga yetib kelgan. O’sha yilning yozida esa endi dam olaman deb ketganida senator Edvard Kennedi vafot etgan. Ta’til tatimagan.

“Yoz tugashi bilan Obamani Vashingtonda qizg’in kurash kutmoqda. Byudjetdagi kamomad, tasdiqlanmagan moliyaviy hujjatlar, bahs-munozara. Immigratsiya bilan bog’liq mashmashalar. Iqtisod albatta birinchi o’rinda”,- deydi Kennet Volsh.

Prezidentimiz yaxshiroq ishlasin desak unga ozgina dam berishimiz kerak, deydi siyosatdonlar. Obama shu kungacha eng kam hordiq chiqargan prezident bo’lib qolmoqda.

Yaqinda amerikaliklar orasida so’rov o’tkazilganida, respondentlarning yarmi prezident dam olsin, degan. Ular nazarida eng ko’p ta’tilga chiqib, ishni eplolmayotgan bu Kongress a’zolari. Qonunchilar besh haftalik otpuskda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG