Breaking News

AQSh Misrga harbiy yordamni vaqtincha to'xtatdi


AQSh qonunchilari Misrga ajratilayotgan harbiy yordam xususida hanuz bahslashmoqda. Ayrimlar prezident Muhammad Mursiy hokimiyatdan chetlashtirilganidan keyin madad to’xtatilishi kerak, desa, boshqalari bunga qarshi. Obama ma’muriyati Misrga harbiy samolyotlarni yetkazish kechga qoldirilganini e’lon qilganidan keyin Senat masalani muhokama qildi.

Yillar davomida Misr AQShdan moliyaviy va harbiy madad olib kelgan. Senatning Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi, demokrat Robert Menendez yordam davom etishi kerak, deydi.

Unga ko’ra, Misrni hozir o’z holiga tashlab qo’yish qarori siyosiy jihatdan noto’g’ri bo’ladi.

Qo’mitaning respublikachi a’zosi, senator Bob Korker ham shunday fikrda. Vashington va Qohira o’rtasidagi tarang aloqalar yumshashi kerak, deydi u.

“Mamlakatimizning Misrdagi roli vaziyatni tinchlantirishdan iborat, deb hisoblayman. Ba’zida Misrda xavfsizlik bobida manfaatlarimiz jiddiy ekani esimizdan chiqib qolayotgan ko’rinadi. Axir, Misr Yaqin Sharqdagi eng katta aholiga ega mamlakat. Yiliga AQShdan bir milliard dollardan ziyod madad oladi. AQSh harbiy kemalariga Suvaysh kanalidan o’tishi uchun ruxsat bergan. Davlatlarimiz, shuningdek, aksil-terror harakatlarda hamkorlik qiladi”, - deydi senator Korker.

24-iyul kuni Pentagon to’rtta F-16 rusumidagi harbiy samolyotning Misrga yetkazilishi kechga qoldirilganini e’lon qildi. Misr bilan hamkorlik davom etadi, ammo biz bu mamlakatning demokratiya yo’liga tez qaytishi tarafdorimiz, deya bayonot berdi Pentagon.

Obama ma’muriyati Mursiyning hokimiyatdan chetlashtirilishini hali davlat to’ntarishi deya ataganicha yo’q. Aks holda, AQSh qonunlariga ko’ra, Vashington Qohiraga berilayotgan har qanday yordamni to’xtatishi kerak. Bunday qaror misrliklar tomonidan salbiy qabul qilinishi shubhasiz, deydi Senat yig’inida ko’rsatma bergan sobiq diplomat Dennis Ross.

“Yordamni hozir to’xtatsak, Misr armiyasi bilan aloqani ham yo’qotamiz. Shuningdek, misrliklar buni yomon qabul qiladi. Ular Amerika bizning fikrimizni inobatga olmay, o’z so’zini o’tkazmoqchi, deb o’ylashi mumkin”, - deydi Ross.

Ammo qo’mitada so’zga chiqqan yana bir mutaxassis, Davlat departamentining Yaqin Sharq bo’yicha sobiq xodimi Mishel Dannning aytishicha, demokratik yo’l bilan saylangan prezidentning hokimiyatdan chetlashtirilishi hodisasiga nisbatan AQShning hech qanday munosabat bildirmasligi noto’g’ri.

“Qo’shma Shtatlar Misr hukumati bilan uzoq muddatli munosabatlariga ziyon yetishidan xavotirlanayotganini tushunish qiyin emas. Ammo o’z tamoyillariga sodiq qolayotganini ham namoyish qilishi kerak”, - deydi u.

Qo’mita raisi Menendez AQSh maqsadlari aniq-tiniq bo’lishi kerak, deydi.

“Misr rahbarlari va Misr harbiylari siyosiy jarayonga barcha siyosiy kuchlarni jalb etishga tayyorligini namoyish qilishi kerak. Shu jumladan, demokratik saylovlar o’tkazishi va diniy ozchiliklar hamda ayollar huquqlarini himoya qiluvchi demokratik hokimiyatni saylashi lozim”, - deydi u.

Menendez AQShning bu mamlakatga yordami muayyan shartlarga asoslangani va ba bu shartlar buzilganda to’xtatilishi mumkinligini ta’kidlaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG