22-may kuni Prezident Barak Obama Vyetnamga safar qiladi. U bu o'lkaga tashrif buyurayotgan uchinchi AQSh rahbari. Ilk bor Xanoyga Prezident Bill Klinton 2000-yil borgan edi. Mintaqada Xitoy ta'siri oshib borar ekan, Vyetnam Vashington bilan hamkorlikni kuchaytirish niyatida. AQShda istiqomat qiluvchi vyetnamlik muhojirlar Obamaning tashrifidan mamnun. "Amerika Ovozi" Los-Anjeles yaqinidagi "Kichik Saygon" deb nomlangan mahallada bo'ldi.
Bir qarashda Amerikaning oddiy shaharchasiga o'xshaydi. Diqqat bilan razm solsangiz, bu yerda Janubiy Vyetnam bayrog'ini va tez o'sib borayotgan vyetnamliklar jamoasini ko'rasiz.
"Bu yerdagi jamoamizni sevamiz", - deydi shu yerlik tadbirkor.
Vyetnamda tug'ilib, AQShda katta bo'lgan Sonni Nuen "Kichik Saygon"ning markazida kafe ochgan. Vyetnamdan tashqarida eng ko'p vyetnamliklar shu shaharda yig'ilgan.
G'arbona dizaynga ega kafeda Osiyo taomi va ichimliklari tortiq qilinadi. Mijozlarning aksariyati AQShda tug'ilib o'sgan yosh vyetnamliklar.
Ular Prezident Obamaning Vyetnamga borayotganidan xursand.
"Har qanday prezident uchun boshqa davlatlar bilan aloqalarni yaxshilash muhim", - deydi Kristofer ismli yigit.
"Hozir vaqt boshqa. U paytlar hozirga qaraganda ko'p narsa farqli edi. Kommunist davlat bilan aloqani yaxshilash yomon narsa emas hozir", - deydi Prissila ismli ayol.
Yoshlarning aytishicha, Vyetnam urushidan qolgan yaralarni tuzatish fursati keldi.
"Biz, ota-onalarimiz avlodi ko'p narsani yo'qotdik. Bu yerda yashaydiganlar hayotida bu chandiq bo'lib qolgan", - deydi Sonni.
Keksa yoshdagilar Vyetnamda jiddiy o'zgarishlar bo'lishiga ishonmaydi. Ammo yoshlar ko'proq umidvor, deydi AQShda chiqadigan vyetnamcha gazeta muharriri Jung Do.
"Internet orqali hozir imkoniyatlar ko'proq. Ko'plab yosh vyetnamliklar Vyetnamga borib, xayriya ishlarida qatnashdi, til kurslari olishdi", - deydi u.
Masalan, kaliforniyalik Alvin Byu Vyetnamga borib, til bo'yicha bilimini oshirib keldi.
"Vyetnam uchun yaxshiroq kelajak bunyod etishda yoshlarga qanday bog'lanasiz? Shuning uchun ularning tilini bilishga, tafakkurini o'rganishga harakat qilyapman", - deydi u.
Sonni ham Vyetnamda hayot yaxshilanishini istaydi.
"Men vyetnamlikman va u haqda qayg'uraman. Bilaman, Vyetnam hanuz uchinchi dunyo mamlakati. Odamlarning aksariyati qashshoq. Men yordam bera oladigan biror guruh bo'lsa, bu Vyetnam xalqi bo'ladi. Buni amalga oshirishning yagona yo'li yarashish orqali", - deydi u.
Yoshlar bir fikrda yakdil ko'rinadi: Obamaning Vyetnamga tashrifi har ikki davlatning o'tmishdagi ginalarni unutib, tarixda yangi sahifa ochishi uchun yaxshi imkoniyat.