Breaking News

Amerika bundan buyon uzoq muddatli urushlarga berilmaydi


Prezident Barak Obama Kongressdan "Islomiy davlat"ga qarshi operatsiyalarni kuchaytirish uchun ruxsat so'ramoqda. Ammo Yaqin Sharqda bundan buyon uzoq muddatli harbiy amaliyotlar o'tkazilmaydi.

Amerika bundan buyon uzoq muddatli urushlarga berilmaydi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:01 0:00

Obamaning aytishicha, AQSh jangarilarni yo'q qilishga bel bog'lagan. Ayni damda "Islomiy davlat"ga qarshi amalga oshirilayotgan havo hujumlari 14 yil oldingi hujjatga asoslanadi. O'shanda Kongress prezident Jorj Bushga Iroq va Afg'onistonda urush boshlashga ruxsat bergan edi.

AQSh rahbari bu hujjatni yangilash kerak, deydi.

"Biz Kongressga yo'llagan rezolyutsiya Iroq yoki Suriyaga piyoda qo'shin safarbar etishni nazarda tutmaydi. Iroq va Afg'onistonda bo'lgani kabi yana bir urush boshlash niyatimiz yo'q".

Uning ta'kidlashicha, Amerika Yaqin Sharqda uzoq muddatli harbiy operatsiyalar boshlamasligi kerak. "Jangarilarni yengish uchun bu talab qilinmaydi, Kongressdan uch yilga vakolat so'rayapmiz", deydi u.

Kongressda masala yuzasidan qizg'in bahs-muhokamalar va tinglovlar boshlangan. Qonunchilar ekspertlarni chaqirtirib, "Islomiy davlat" AQShga qanchalik tahdid soladi, deya so'ramoqda. Obamaning yaqin safdoshlaridan, senator Tim Keyn prezident tashabbusidan mamnun.

1973-yilda qabul qilingan qonunga muvofiq, agar AQSh rahbari armiyani xorijiy davlatga 60 kundan ziyod vaqtga safarbar etsa, Kongressdan ruxsat so'rashi kerak.

Respublikachilar yetakchisi Jon Beyner nazarida, qo'mondonlarga missiyani bajarish uchun yetarlicha vakolat berish lozim.

"Rezolyutsiya ustida muhokamalar endi boshlanyapti. Ishonamanki, uning matniga hali ko'p o'zgartirishlar kiritiladi", - deydi kongressmen.

Demokrat qonunchi Nensi Pelosining "Amerika askarlari Yaqin Sharqqa qadam qo'ymaydi" degan bayonoti ko'p jihatdan jamoatchilik fikrini aks ettiradi. Urush vakolatlariga doir rezolyutsiya ko'proq demokratlar qarshiligiga uchrashi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG