AQSh iqtisodiyoti 2003-yildan buyon eng tez sur’atda o’smoqda. Prezidentligining so’nggi ikki yiliga kirishayotgan Barak Obama ichki va tashqi siyosatda “uzoq muddatli loyihalar” ga e’tibor qaratishini aytadi.
Obamaning aytishicha, u yaqinda imzolagan immigratsiya va Kubaga doir qarorlar bir necha yillik sa’y-harakatlar mahsulidir. 2014-yil katta o’zgarishlar davri bo’ldi. Iqtisodiy o’sish hozir besh foiz atrofida - bu so’nggi 10 yilda eng yaxshi ko’rsatkich.
Prezident chetda qolib ketgan ayrim qaltis masalalar bilan shug’ullanish uchun imkon borligini aytadi.
“2014-yil oxiriga kelib, iqtisodiyot oyoqqa turib oldi, dunyoda Amerikaning dadil yetakchiligi har qachongidan zarur. So’nggi yillarda amalga oshirgan ishlarimiz natija bera boshlagani bizni quvontiradi”, - deydi Obama.
Prezident “uzoq muddatli loyiha” deya ta’riflayotgan vazifalardan biri bu iqtisodiy o’sishdan nafaqat boylar, balki o’rta sinf ko’proq naf ko’rishini ta’minlashdir. Obama minimal maoshni oshirishga bel bog’lagan.
Tashqi siyosatda esa “Islomiy davlat” terror guruhi bilan kurash davom etadi. Afg’onistondan minglab askar vatanga qaytmoqda. Kuba bilan aloqalar normallashib, u yerda elchixona ochishga tayyorgarlik ketmoqda.
“Ochig’ini aytganda, muddati tugayotgan prezident uchun murakkab qarorlar qabul qilish osonroq”, - deydi Obama.
AQSh va Kuba, 53 yillik g’animlar, yangi davrga qadam qo’ymoqda. Bir kun kelib, Tehronda ham elchixona ochilishi mumkinmi? AQSh rahbariga ko’ra, ikki davlat orasida farq katta.
Orol davlat Amerikaga hech qanday xavf solmaydi. 53 yillik siyosatni o’zgartirish vaqti yetgan edi. Eron esa, deydi Obama, terrorizmni moliyalovchi, Isroilga dushman va yadro quroli ishlab chiqarishga urinayotgan yirik davlat.
Avvalo yadro dasturi bo’yicha ishonchli kelishuv imzolanishi kerak. Keyinchalik sanksiyalar bekor qilinsa va Eron xalqaro hamjamiyatga qayta qo’shilsa, ijobiy aloqalarga zamin yaratiladi, deydi AQSh prezidenti.
Aytish joiz, Vashington Tehron bilan 1980-yillarda diplomatik rishtalarni uzgan. Ayni paytda besh yirik davlat islomiy respublika bilan atom dasturi bo’yicha muzokara qilayapti. Kelasi yil yozgacha muhlat belgilangan.
Demokratiya, inson huquqlari, samarali boshqaruv va qonun ustuvorligi haqida gap ketganda, Obama Birma va Tunisdagi o’zgarishlarga ishora qiladi. Ularga qo’ldan kelgancha yordam beramiz, deydi u.
Liviya, Suriya va Iroqni qayta qurish esa bir necha avlod zimmasidagi ulkan loyiha. Uni amalga oshirishda AQSh ko’maklashadi, lekin muhim qarorlarni bu jamiyatlarning o’zi qabul qilishi kerak.
Obama intervyuda Rossiya va Ukrainadagi jarayonlarga ham to’xtaldi. Kelasi yili Rossiya iqtisodiyoti to’rt foizga qisqarishi, inflyatsiya 10 foizdan oshishi kutilyapti. Kuchli sanksiyalar ish berayapti, deydi Obama.
Afg’oniston va Iroqdagi qimmat urushlar ketidan, Qo’shma Shtatlar e’tiborni o’z infrastrukturasini ta’mirlashga, maktab va yo’llarni qayta qurish, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishga qaratmoqda.