AQSh Prezidenti Barak Obama musulmon amerikaliklarni qahramonlar va vatanparvarlar deb atab, so'nggi paytlarda ularga qarshi kuchaygan zo'ravonlik va ayirmachilik holatlarini keskin qoraladi.
"Hozir musulmon amerikaliklar uchun qiyin payt", - dedi u hayit bayrami munosabati bilan Oq uyda kechikib tashkil qilingan bayram dasturxonida.
Prezidentning aytishicha, musulmonlar amerikaliklar oilasining boshqa har qanday a'zosi kabi vatanparvar va jamiyatning ajralmas qismidir. U musulmon shifokorlar, tadbirkorlar, san'at arboblari, faollar, sportchilar, politsiyachilar, o't o'chiruvchilar hamda askarlarning bu davlatga qo'shgan hissasini yuqori baholadi.
Obama, shuningek, musulmonlarni yomonotliq qilishga qaratilgan siyosiy bayonotlarni qoraladi. Bu bilan u prezidentlik uchun respublikachi nomzod Donald Trampga ishora qildi. Tramp saylov kampaniyasi davrida musulmonlarni AQShga kiritmaslikni taklif qilgan edi.
"Musulmon amerikaliklarni ajratib ko'rsatish IShID kabi terrorchilarning nog'orasiga o'ynash bilan barobar. Go'yoki G'arb bir milliarddan ortiq izdoshga ega din bilan urush holatida, degan tasavvurni beradi. Milliy xavfsizlik bunday barpo qilinmaydi", - dedi Obama.
"Barcha amerikaliklar kabi siz ham terrorizmdan xavotirdasiz, - deya musulmonlarga murojaat qildi Obama. - Ammo bundan ham ko'ra, sanoqli odamlar amalga oshirayotgan va e'tiqodingizni namoyon qilmaydigan zo'ravonlik uchun barchangizni ayblashlaridan qo'rqasiz".
2015-yilgi hisob-kitobga ko'ra, AQShda 3,3 million musulmon yashaydi. Bu aholining bir foizini tashkil etadi.