Kaliforniya shtatida Tinch okeani sohillariga quyilgan minglab litr neft hayvonot dunyosi uchun jiddiy ofat bo'ldi. 19-mayda yuz bergan fojeaning ekotizimga va atrof-muhitga qanchalik zarar yetkazganini aniqlash yillab vaqt oladi, deydi mutaxassislar. Ayni paytda jonivorlar hayotini saqlab qolish uchun zarur choralar ko'rilmoqda.
Kalifroniya ahli dengiz mushuklari qafasda bo'lishni yoqtirmasligi mumkin, ammo tirik qolishning eng yaxsh yo'li hozircha shu.
"Hozir hududda neftdan eng ko'p zarar ko'rgan hayvonlar shular. Bu dengiz mushugi go'zal qizg'ish rangda bo'lishi kerak. Hozir esa tanasining aksariyati qora dog'lardan iborat", - deydi dengiz jonivorlarini himoya qilish bilan shug'ullanuvchi Jodi Vestberg.
Vestberg San-Diyego shahridagi "Dengiz dunyosi" guruhi a'zosi. Tashkilot neftga bulangan hayvonlarni qutqarish ishlarini olib bormoqda.
"Bu oson emas. Jismoniy va ruhiy jihatdan og'ir biz uchun. Bu jonivorlarning ahvolini yaxshilash uchun ko'p vaqt va energiya sarflayapmiz. Ularni ko'rib yuragingiz og'riydi", - deydi u.
Jodining aytishicha, hayvonlarning rangi 2-3 barobar qorayib ketgan.
Ularga, avvalo hordiq berib, so'ng yuvish kerak, deydi u.
"Terilari orqali ichlariga o'tmasligi yoki yutib yubormasliklari uchun ularni tozalashimiz kerak", - deydi guruh vakillaridan yana biri Tod Shmit.
Veterinar Shmit fikricha, agar jonivorlar zararli tutunni yutsa, o'pkasiga zarar yetadi. Urg'ochilari zaharlansa, bolalari ko'p hollarda nobud bo'ladi.
Neft to'kilishi oqibatida katta miqdordagi yosh dengiz mushuklari dengizga chiqa olmay, sohillarda och-nahor yotgan holatda topilmoqda.
"Yegulik uchun baliqlar yo'q. Shuning uchun ular ovqat qidirib sohilga kelishmoqda", - deydi Shmit.
Dengiz mushuklaridan biri yaqinda qisqichbaqa yegani uchun halok bo'ldi. Odatda, bu ularning ozuqasi emas. Ikkinchi jonivorning o'limiga nima sabab bo'lgani noma'lum.
"Biz bilmagan, qutqarmagan va dengizda o'layotgan yana ko'plab hayvonlar bo'lishi mumkin", - deydi Shmit.
Dengiz qushlari, ayniqsa, jigarrang birqozon ham neft asoratlaridan aziyat chekayotgan bo'lishi mumkin. Ular tanasini issiq saqlashda patlarining toza bo'lishi muhim. Neft havo o'tkazadigan yo'laklarni to'sib qo'yadi va natijada qushning tana harorati xavfli darajada tushib ketadi. Qora moyni esa yuvib ketkazish qiyin. Shunga qaramay, deydi mutaxassislar, birqozon chidamli qush ekani bilan taniqli.
Bu yerda ish olib borayotgan jonkuyarlarning maqsadi bitta: dengiz jonivorlari hayotini saqlab, ularni yana toza va sog'lom yovvoyi tabiat qo'yniga qaytarish.