Breaking News

Xavotirlarga qaramasdan, AQShda atom zavodlari ko’paymoqda


Qo’shni Kanadadan AQSh tomon qo’shimcha neft quvurlari yotqizish mavzusi qizg’in muhokamada. Amerikada quyosh va shamoldan quvvat olishga doir loyihalar ham ko’paygan. Ammo yadro sanoatini rivojlantirish haqida ko’p eshitmaysiz. Nima uchun?
AQShda atom zavodlari ko’paymoqda/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:35 0:00
Yuklab oling

AQShda atom zavodlari ko’payib borayapti. Janubiy Karolina va Jorjiya shtatlarida to’rttasi qad ko’taradi. Yadroviy Energiya institutiga ko’ra, yana 12 ta inshoot qurishga ariza topshirilgan.

Stiv Bern - Janubiy Karolina aholisini gaz va energiya bilan ta’minlovchi kompaniya rahbari.

“Ko’mirga qiziqish past. Tabiiy gaz narxi esa nisbatan baland edi. Shu bois atom zavodlari qurishga qaror qildik. Bu sohada tajribamiz bor. Zavodni qurish uchun yaxshigina joy ham tanlaganmiz”, - deydi u.

Janubiy Karolinada hozir 7 ta reaktor ishlab turibdi, Jorjiyada esa 6 ta. Yana ikkitasi yaqin orada qurib bitkaziladi.

Stiven Kuzinskiyning shirkati qator shtatlarda yadroviy zavodlarni boshqaradi:

“Bu zavodlar 60 yilgacha ishlayveradi. To’g’ri, qurilishga ancha-muncha sarmoya qilish kerak, lekin keyin sizga yarim asr davomida daromad keltiradi”.

Atom inshootlari yopilib ketgan hollar ham bo’lgan. Asosiy sabab – raqobat. Tabiiy gaz qazib chiqarish arzonroq. Mutaxassislar fikricha, energiya turli manbalardan olingani yaxshi, biroq hozirda buni ko’rmayapmiz.

“Tabiiy gazga yopishib olganmiz, chunki u arzon”, - deydi Yadroviy Energiya instituti rahbari Marv Fertel.

“Hukumat muqobil energiyani prioritet deb belgilagani uchun bu sohada ham siljish bor. Ammo ekologiya deb ko’mirni chetga surib tashladik, talablarni kuchaytirdik. Yadrodan yuz o’girganimiz ham mutlaqo bema’nilik. Mamlakat taraqqiy etsin desak, hammasidan foydalanish kerak. Hozirgi qarorlarimiz bir kun kelib, o’zimizga qimmatga tushadi”.

Yadroviy energiyaga qarshilik kuchli ekanini ham tan olish zarur. Ayrim so’rovlar natijasiga qaraganda, amerikaliklarning yarmidan ko’pi bu inshootlarni xavfli deb biladi.

Filip Myuseges tabiat muhofazasi bilan shug’ullanuvchi notijoriy tashkilotga rahbarlik qiladi:

“Quvvat olishning toza va arzon yo’llari ko’p. Mana hozir tabiiy gaz narxi pasayib, ko’plab yadroviy zavodlar yopilib ketishiga sabab bo’ldi. So’nggi bir-yarim yilda to’rtta zavod ishdan to’xtadi. Ishlab turganlari esa o’z xarajatlarini zo’rg’a qoplayapti”.

Atom stansiyalari xavfsizligini oshirish chaqiriqlari bundan 40 yil ilgari ham yangragan. 2011-yili Yaponiyadagi zilzila va tabiiy ofatdan keyin bu harakat kuchiga kuch qo’shildi.

Yadro zavodlari terrorchilar uchun qulay nishon, degan da’volar assossiz, deydi sanoat egalari.

“11-sentabr xurujlaridan keyin xavfsizlikni kuchaytirish uchun anchagina mablag’ sarfladik. Huquq-tartibot organlaridan so’rang, AQShda hozir atom stansiyalariga hatto yaqinlashib bo’lmaydi. Demoqchimanki, gap xavfsizlikda emas. Zavodlar faoliyatini, samarasini qayta ko’rib chiqish kerak”, - deydi Yadroviy Energiya instituti vakili.

Yadroviy chiqindilarga kelsak, ularni qayerda saqlash masalasi Kongressda ko’p muhokama qilindi, ammo bir qarorga kelinmagan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG