Breaking News

Iqlim o'zgarishi iqtisodiyotga qanday ta'sir qilmoqda?


Iqlimdagi salbiy o'zgarishlar/Climate change impact
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:49 0:00

Iqlimdagi salbiy o'zgarishlar/Climate change impact

Iqlimdagi o’zgarishlar kelajakda jamiyat va iqtisodiyot uchun qanday oqibatlarga olib keladi? Bu savolga javob topishda olimlar ham qiynalmoqda. So’nggi yillarda ob-havodagi keskin o’zgarishlar natijasida imoratlar buzildi, bizneslar kasodga uchradi, odamlar nobud bo’ldi. Ayrim olimlarga ko’ra, oddiy choralar yordamida talofatlarni kamaytirsa bo’ladi.

Laboratoriya sharoitida o’tkazilgan mana bu ilmiy sinovda an’anaviy uslubda qurilgan imoratning bo’ronda vayronaga aylanganini ko’rish mumkin.

Buzilmay qolgan imoratda esa devorlar qo’shimcha yog’och bilan mustahkamlangan, tomi qalinroq, metal qayish polni mahkam ushlab turibdi.

Shamol sinovini Biznes va xonadonlar xavfsizligi sug’urta instituti o’tkazgan. Mustahkam imoratlar bir oz qimmatroq, lekin bir necha karra chidamli, deydi institut xodimlari.

AQSh Senatining Ichki xavfsizlik qo’mitasi raisi Tom Karper nazarida haddan tashqari kuchli to’fonlarga endi tabiiy holatdek qarash kerak.

“Ob-havodagi favqulodda o’zgarishlar so’nggi 50 yilda ancha kuchaydi. Ularning yanada ko’payishi va kuchliroq, demak, qimmatroq bo’lishi kutilmoqda”.

2012-yilda “Sendi” dovuli AQSh sharqiy sohili, jumladan Karper yashaydigan shtatga ham katta ziyon yetkazdi. Sug’urta kompaniyalari jabrlanganlarga katta-katta pul to’lashga majbur bo’ldi. Bunday xarajatlarning oldini olish maqsadida sug’urta kompaniyalari ob-havo tez-tez o’zgarib turadigan hududlarda bizneslar uchun sug’urta to’lovlarini oshirib, mustahkam imoratlar qurayotgan mijozlar uchun esa to’lovlarni pasaytirishi mumkin.

“Grem” sug’urta kompaniyasi xodimi Kevin Konneli aynan shunday masalalar bilan shug’ullanadi.

“Biz yo sug’urta to’lovlarini juda baland belgilaymiz yoki sizga umuman sug’urta bermaymiz. Ikkovi ham sizga to’g’ri kelmaydi,” – deydi u.

Iqlim o’zgarishining yana bir oqibati - qurg’oqchilik. Bu Kaliforniya o’rmonlarida yong’inga sabab bo’lmoqda. Massachusets texnologiya instituti professori Robert Pindaykning aytishicha, qurg’oqchilik va boshqa favqulodda holatlarning iqtisodiy oqibatlarini hozirgi matematik modellar yordamida bashorat qilish qiyin.

“Iqlimdagi barcha o’zgarishlarni hisobga olgan holda xomaki raqamlar, taxminlar, ekspertlarning chora ko’rmasak, qanday fojeaga yuz tutishimiz ehtimoli haqidagi xulosalarini keltirishimiz mumkin, xolos”.

Bunday jiddiy muammoni hal etish uchun, Pindayk fikricha, siyosiy arboblar zararli gazlarning atmosferaga chiqarilishi uchun soliq va boshqa choralar joriy kerak. Shundagina kompaniyalar va xonadonlar kamroq energiya sarflab, iqlimdagi o’zgarishlarning kuchayishiga sabab bo’layotgan gazlarni havoga kamroq chiqarishga harakat qiladi. Ammo boshqa tahlilchilar nazarida Kongress yaqin orada yangi soliqlarni tasdiqlashi amri mahol.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG