Breaking News

Iqlim isishi sayyorada suv taqsimotiga ta’sir qilmoqda


Olimlarning aytishicha, iqlim isishi va ichimlik suvi taqsimotidagi o’zgarish jahonda bir xil sezilmaydi.

Yangi tadqiqotdan ayon bo’lishicha, ba’zi hududlarda suv ko’payadi, boshqalarida kamayadi. Qishloq xo’jaligiga qattiq suyangan davlatlar ehtiyot choralarini ko’ra boshlashi kerak, deydi izlanish mualliflari.

Doktor Yakob Shiva va uning hamkasblari suv tanqisligini insoniyat taraqqiyotiga eng yirik tahdid deb biladi. Iqlim yanada isib borishining oldini olmasa bo’lmaydi, deydi ular.

Doktor Shiva Germaniyada, Potsdam Iqlim o’zgarishiga doir tadqiqotlar institutida ishlaydi. Uning aytishicha, sayyora harorati ikki-uch daraja Selsiyga ko’tarilsa, suv tanqisligi keskin oshadi. Sanoatlar yordamida havoni bulg’ashni, zaharli gazlar tarqatishni kamaytirmasak, kelasi bir necha o’n yilda shuning guvohi bo’lishimiz mumkin, deydi u.

Iqlim o’zgargani sari yog’in-sochin, harorat, bug’lanish kabi jarayonlar ham o’zgaradi. Bu esa daryolar, okeanlar o’lchamida bevosita aks etadi. Natijada suv ta’minotida uzilish yoki ko’payish ro’y beradi, - deydi u.

Xo’sh, qaysi mintaqada yog’in-sochin mo’lroq bo’ladi? Qaysi region suvsiraydi? Doktor Shiva kompyuter bergan ma’lumotga qarab xulosa qiladi:

O’rta dengiz mintaqasini olaylik. Kompyuter bashoratidan ayonki, region borgan-sari qurg’oqchilikka yuz tutadi. Ya’ni Yevropa janubi, Afrika shimolida suv kamayishi ehtimoli bor. Bundan farqli ravishda, shimolda, ayniqsa, Sibir, Kanada tomonlarda ob-hayot mo’l bo’ladi, - deydi olim.

Isroil, Turkiya, Ispaniya va Marokash kabi davlatlarda suv hozirgidan 50 foizga qisqarishi mumkin. Qo’shma Shtatlar janubida qurg’oqchilik ehtimoli yuqori.

Yakob Shiva siyosat ahli bu izlanishga jiddiy yondashadi, degan umidda.

Nafaqat alohida davlatlar, iqlim o’zgarishi borasida bahs qilayotgan xalqaro guruhlar ham xulosalarimizni inobatga olsa, ma’qul edi. Muammoning oldini olish mumkin, - deydi u.

Suvning asosiy iste’molchilaridan biri qishloq xo’jaligidir.

Agroxo’jalikka qattiq suyanib qolgan mamlakat hozirdanoq ehtiyot choralarini ko’ra boshlashi kerak. Yangi texnologiyani xarid qilib, suvdan unumliroq, tejabroq foydalanish yo’llarini izlashga tushing. Hali ham bo’lsa vaqt bor. Suvni isrof qilishning oldini olib, oqilona taqsimlashga tushing, deb maslahat beradi Shiva.

Insoniyat iqlim isishiga sababchi ekan, yechim bilan chiqish ham uning qo’lida, deydi izlanish mualliflari. Ko’zni katta ochib muammoga yondashish lozim, deydi ular.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG