Prezident Barak Obama bugun iqlimdagi o'zgarishlarga qarshi kurash bo'yicha siyosatini e'lon qildi. Zamonning dolzarb bu muammosi bilan jiddiy shug'ullanmoqchi. Bundan e'tiboran, zavodlar havoga zararli gaz tarqatishi kuchli nazoratga olinadi.
Amerika rahbari havoni bulg'ayotgan gazlarni kamaytirishga doir keng qamrovli takliflar bilan chiqdi. Global iqlim harorati ko'tarilayotganini inkor etish mantiqsizlikdir, dedi Oq uy rahbari.
"Sayyoramiz isib borayapti va bu muammoda insoniyat bevosita aybdor. Uni hal qilish uchun o'zimizda jasorat topa olamizmi - hozir masala shunda", - dedi Obama.
Vashingtondagi Jorjtaun Universitetida so'zlagan prezident bugun hukumat oldida turgan asosiy vazifalardan biri zavodlardan buriqsib chiqayotgan zaharli gazlarni kamaytirish, dedi.
"Zavodlar nihoyatda katta miqdorda karbonad angidrid gazini atmosferaga chiqarib keladi. Bu yaxshi emas. Xavfli va bunga chek qo'yish darkor", - dedi Obama.
Obama yangi tashabbusi bo'yicha farmonlar e'lon qilishi kutilmoqda. U shu tariqa Kongress tasdig'ini aylanib o'tmoqchi. Qonunchilar avval prezidentning shu mazmundagi hujjatlarini to'sgan edi. Respublikachi Mitch Makkonnell zavodlarni cheklash soliqlarni oshirish bilan barobar, deydi.
Obama, shuningdek, xorijda ko'mirda ishlovchi zavodlarga sarmoya kiritmaslik zarur deb keladi. Ko'mir sanoati bilan tanilgan Kentukki shtatidan chiqqan senator norozi.
"Ko'mirga qarshi kampaniya ish o'rinlariga qarshi urush e'lon qilishdek gap. Bugun og'ir iqtisodiy sharoitda arang kunini ko'rayotgan ko'plab amerikaliklarni nonidan ayirish emasmi bu?" - deya so'raydi Makkonnell.
Global maydonda Obama havoni eng ko'p ifloslayotgan Xitoy va boshqa davlatlar bilan ishlamoqchi. Yaqinda, masalan, AQSh prezidenti Xitoy rahbari Shi Zinpin bilan muzlatgich va havo sovutgichlardan chiquvchi zararli gazlarni sekin-asta kamaytirishga kelishib, maxsus hujjatni imzoladi.
"Biz Xitoy bilan biznes bobida raqobat qilamiz, lekin bir sayyorada yashaymiz. Shunday ekan, tabiatni asrash uchun mas'uliyatni teng bo'lishishimiz lozm. Aks holda barimiz jabr koramiz", - dedi Obama.
Prezident, xususan, shamol va quyosh energiyasidan unumli foydalanishni taklif qilayapti. Bunday loyihalarni rag'batlantirmoqchi, federal maydonlarni shunday proyektlar uchun ochib bermoqchi. Toza energiyada yuradigan mashinalarga talab oshishi aniq.
Iqlim o'zgarishi natijasida ro'y berayotgan tabiiy ofatlarga qarshi kurashish uchun ham davlat ko'proq mablag' ajratadi. Masalan, qurg'oqchilik bilan olishayotgan dehqonlar qo'llab-quvvatlanadi, dovullardan qaqshash ehtimoli yuqori hududlarga madad oshadi.