Breaking News

Oklaxomada qora tanlilar bunyod etgan shaharlar


Qora tanlilar qurgan shaharlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:56 0:00

Qora tanlilar qurgan shaharlar

Oklaxoma deganda vestern janridagi klassik Gollivud filmlari ko’z oldimizga keladi. Ammo bu va boshqa g’arbiy shtatlar tarixi ancha murakkab. Oklaxomaning kamida 50 shahri afro-amerikaliklar tomonidan bunyod etilgan va o’tmishda butunlay qora shtatga ham aylanishi mumkin edi.

Aholisi qora tanlilardan iborat Rentesvil shahri 1903-yilda tashkil topgan. Buyuk Depressiya davrida yo’qolib ketishi ham mumkin edi. Ko’plab oilalar o’shanda shaharni tark etgan, bizneslar yopilgan. Lekin jamoa birdam.

“Men tug’ilib o’sgan shahar hozir yo’q, deb aytishni hech kimga tilamayman. Juda achinarli bo’lardi”, - deydi oklaxomalik Shalon Yangblad.

Ayrim yoshlar Rentesvilga qaytib kelmoqda. Spenser Nero kollejni bitirib, otasining ranchosi yonidan yer sotib oldi.

“Otam shu yerda tug’ilib o’sgan. Uning otasi ham oklaxomalik”, - deydi u.

Oklaxomada qora tanlilar yashovchi 13 shahar bo’lgan, Rentesvil shulardan biri. Fuqaro urushidan so’ng qulchilik tugatilib, ko’plab afro-amerikaliklar g’arbiy shtatlarga ko’chdi. Yer sotib olib, o’z jamoalarini tuzdi. 19-asr oxirida Oklaxomaning qora tanli aholisi shunchalik ko’p ediki, hatto qoralar shtati degan maqom olishga ham urinishlar bo’lgan.

Jurnalist va kinorejissyor Kari Barber bu borada izlanib, “Kurash va Umid” nomli bir loyiha boshladi.

“Aslida kanzaslik bir siyosatchining tashabbusi edi bu. Qora tanli aholini Oklaxomaga ko’chirish va uni qoralar shtati deb e’lon qilish. Irqchilik, segregatsiyani man etish va ularga o’zini o’zi boshqarishga yo’l ochib berish bo’lgan maqsad”, - deydi u.

Barber aholisi butunlay afro-amerikaliklardan iborat bo’lgan shaharlar haqida tarixiy hujjatli film va onlayn videolar ishlab chiqdi.

“Oklaxoma farzandiman, lekin tariximizning bu sahifalari haqida hech eshitmagan ekanman. Qiziqib qoldim”.

Hujjatli film Oklaxomadagi qora tanlilar shaharlarini asrab-avaylash haqida hikoya qiladi. Ayrim shaharchalarda aholi soni 30 ga ham yetmaydi. Maqsadim, deydi Barber, AQSh tarixining bu sahifalari unutilib ketmasin, maktablarda o’qitilsin.

“O’tmishning biz bilmagan qancha qirralari, tarix kitoblaridan joy olmagan hikoyalari bor. Amerika qanchalik boy jamiyat ekanini ko’rsatadi. Bir-birimizni yaqinroq tushunishga yordam beradi”.

“Kurash va Umid” loyihasi boshqalarni ham kitob va filmlar yaratish orqali tarixning bu sahifalarini ochib berishga undaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG