Amerika byudjetida kamomad oshgandan oshayapti. Kongress pulni tejash yo’llarini qidirish bilan band. Lobbichi bir guruhning ishontirib aytishicha, qog’oz pul o’rniga bir dollarlik tangalar ishlatilsa, millionlab mablag’ tejaladi.
Bir dollarlik tangalar anchadan beri muomalada, lekin ko’plar ulardan foydalanmaydi. 2011-yilda hukumat bunaqa tangalarni zarb qilishni deyarli to’xtatib qo’ygan edi.
Amerikaliklar qog’oz pulni yaxshi ko’radi. Lekin Dollar tangalar uyushmasi raisi Jim Kolbi nazarida tangaga o’tgan ma’qul.
“Tangani zarb qilish qog’ozni bosishdan sal qimmatroq. Qog’oz 6 sent, tanga 17 sentga tushadi. Lekin tangalar 35 yilga chidaydi va asosan qayta ishlangan metaldan ishlanadi. Qog’oz pul esa doim yangi mahsulotdan ishlanadi. Yiliga taxminan 3 milliard dona ana shunday qog’oz eskirgani uchun tashlab yuboramiz”, - deydi Jim Kolbi.
Mana bir necha yildirki, sobiq qonunchi bir dollarlik qog’oz o’rniga butunlay dollar tangani ishlatish fikrini olg’a surib keladi. Lekin ham siyosatchilar, ham jamoatchilik orasida qarshilik bor. Shu bilan birga, deya tan oladi Jim Kolbi, kayfiyat o’zgarayapti. Amerikada 61 foiz aholi tangalarga moyillik bildirmoqda.
“Qanchadan-qancha pul tejalishini bilsa odamlar, tanga tarafdorlari darrov ko’payadi”, - deydi Kolbi.
Kolbi AQSh hukumati soliq to’lovchining pulini qanday sarflayotganiga doir izlanishni misol qiladi. Ayon bo’lishicha, tangalarga o’tilsa, kelasi 30 yilda to’rt milliard dollar tejaladi. Ba’zi hisoblarga ko’ra, undanda ko’p pul saqlab qolinishi mumkin. Kristi Tompson kabi fuqarolarga bu fikr yoqib tushdi:
“Ha, deyman albatta. Kerakli g’oya”.
Ammo qarshilar ham kam emas. Kim Doring ana shulardan:
“Tanganing shovqini ko’p. Ham og’irroq”.
Vashingtonda restorani bor Syu Foladi ham hisob-kitobda tangalar ko’payib ketishi ortiqcha g’alva, deydi.
Buning ustiga, tilla va kumush rangli tangalar 25 sentli tangaga juda o’xshab keladi. Amerika Universiteti professori, iqtisodchi Robert Blekerning aytishicha, dollar tangalarning o’lchami boshqacharoq bo’lishi juda muhim:
“Tanganing qalinligi va diametri har xil bo’lishi kerak. Agar, dollar tangani yupqaroq, yengilroq qilib ishlay olsak, fuqarolar osonroq ko’nishi mumkin”.
Talaba qiz Emili Sturgillga farqi yo’q:
“Tangalar ishlatishga qulay juda. Cho’ntakni kavlab tezgina topasiz. Karmondan telefon yoki kalitni chiqarayotganingizda, qog’oz pulga o’xshab ilakishib chiqmaydi”.
Kolbi va Bleker tangalar tezda muomalaga chiqmasligini tan oladi.
“Qog’oz dollar tugab bitmaguncha yoki man qilinmaguncha, odamlar ishlataveradi”, - deydi Bleker.
Bleker nazarida Amerika ahli tangalarga o’rganishi oson bo’ladi.
“Boshida yoqtirmasman balki”, - deydi Kim Doring.
“Odam ko’nikadi baribir”, - deydi Kristi Tompson.
Hozircha esa tanga-tanga pul xalq karmonida emas, xazinada yotibdi.