Breaking News

Amerikaning Qizil dengizdagi koalitsiyasi xusiylarga qarshi harakat boshlagan


Qizil dengizda AQSh hujumida o’lgan 10 nafar vatandoshini xotirlash uchun bugun Yaman poytaxti Sanoda minglab odam ko’chaga chiqib namoyish qildi.

Xalqaro hayot - 5-yanvar, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:57 0:00

Voqea yakshanba kuni sodir bo’lgan. Xusiylar Daniyaning “Maersk” tijoriy kemasiga hujum qilmoqchi bo’lganida AQSh harbiy vertolyotlari ularning uch qayig’ini nishonga olib cho’ktirdi, 10 nafar xusiyni o’ldirdi.

Konteynerlar tashuvchi “Maersk” kompaniyasi barcha kemalariga Qizil dengizdan yurmaslikni, Afrika qit’asini aylanib o’tishni buyurdi. Bu o’z navbatida buyurtmani bajarish muddatining cho’zilishiga olib keladi.

Qizil dengizda tijoriy kemalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida AQSh bir necha mamlakat bilan koalitsiya tuzib, harakatga tushgan.

Payshanba kuni xusiylarning Qizil dengizda ketayotgan kemaga hujum qilmoqchi bo’lgan portlovchi modda yuklangan qayig’i portlab ketdi.

“Kemalar va samolyotlardan iborat ushbu koalitsiya havo va raketa mudofaasi tizimlari bilan jihozlangan, kuchli razvedka va kuzatuv salohiyatiga, hujumkor va mudofaa qudratiga ega”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.

Dengizning notinch hududlarida Amerika, Britaniya va Fransiya kemalarini ko’rsa bo’ladi. Gretsiya va Daniya ham yaqin kunlarda o’z kemalarini safarbar etmoqchi.

“18-noyabrdan beri Qizil dengiz va Aden ko’rfazi orqali o’tgan tijoriy kemalar 25 marta hujumga uchradi. Bu hujumlarni noqonuniy va xavfli deb bilamiz”, - deydi Pentagon matbuot kotibi Pet Rayder.

Qo’shma Shtatlar xusiylardan hujumlarni bas qilishni talab qilmoqda, aks holda ularga zarba berilishi haqida ogohlantirdi.

“Qo’shma Shtatlar Yaqin Sharqda hech bir mamlakat yoki guruh bilan urush qilishni, Isroil-XAMAS ixtilofining mintaqa bo’ylab kengayishini istamaydi. Ammo shu bilan birga, o’zimizni, manfaatlarimizni va hamkorlarimizni hamda xalqaro tijoratning erkin harakatlanishini himoya qilishdan chekinmaymiz”, - deydi Kirbi.

Xusiylar rahbari hujumlar davom etishini, AQSh kemalari ularga hujum qilsa, ular ham xusiylar nishoniga aylanishini ma’lum qildi.

Xavsizlik bilan bog’liq xavotirlar xalqaro savdoga ta’sir qilmoqda.

“Savdo hajmi salkam 30 foizga kamaydi. Asosan konteyner tashuvchi kemalar qatnovi kamaygan. Ular Osiyodan Yevropaga yuqori qiymatli mollar tashiydi”, - deydi global dengiz xavfsizligini o’rganuvchi guruh vakili Mishel Bokman.

Qo’shma Shtatlar Eronni xusiylarga ko’mak berayotganlikda ayblamoqda.

“Eron xusiylarga ilg’or qurol tizimlarini uzatgan – dronlar, qanotli va ballistik raketalarni”, - deydi AQShning BMTdagi vakillaridan biri Kris Lu.

Tehron xusiylarga yordam berayotganini inkor etadi.

Qizil dengizda tijoriy kemalar harakati tiklanmasa, ta’minot zanjiri izdan chiqib, mahsulotlar mijozlarga bir necha haftaga yoki bir necha oyga kechikib yetkazilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG