Breaking News

Baktibek Beshimov: "O'shda bo'layotgan voqealar Qirg'izistonning ichki ishi emas"


O'shga bronetransportyorlar kiritilgan
O'shga bronetransportyorlar kiritilgan

Janubda qirg'izlar va o'zbeklar o'rtasida avj olayotgan to'qnashuvlar mintaqaga ham salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin. AQSh, Rossiya, O'zbekiston va Qozog'iston birga chora ko'rishi kerak, deydi Beshimov.

Qirg'iziston janubi notinch ekan, ko'zga ko'ringan siyosatchi nazarida muammo kecha paydo bo'lmagan. Bakiyev rejimi ta'qibidan AQShga qochib, vataniga qaytishga shoshmayotgan sobiq elchi va parlament a'zosi Baktibek Beshimovning aytishicha, shu kunga qadar hech bir hukumat etnik ziddiyatlar negizidagi muammolarni hal qilishga qo'l urmadi.

Baktibek Beshimov asli janublik. O'shda katta bo'lgan. O'qituvchilar oilasidan. O'sh Davlat universitetida rektor, so'ng Bishkekdagi Markaziy Osiyo Amerika universitetida vitse-prezident bo'lib ishlagan. Hindistonda elchilik qilgan. 2007 yil dekabridan 2009 yil sentyabrigacha parlamentda sotsial-demokratlar fraksiyasini boshqargan. Bakiyev rejimi tomonidan hayotiga xavf sezgach, AQShga ketishga majbur bo'lgan. Ayni damda Bostonda yashaydi. 7 aprelda Qirg'izistonda Bakiyev tuzumi qulab, hokimiyat tepasiga muvaqqat hukumat kelgach, AQShda elchi bo'lish taklifini oladi, ammo muvaqqat hukumat a'zolarining ba'zilari bilan til topisha olmay, taklifni rad etadi.

Janubda ro'y berayotgan voqealar Farg'ona vodiysida to'planib qolgan muammolarning hal etilmaganidan, deydi Bakit Beshimov biz bilan suhbatda.

"Mojaro ortidagi sabablar talaygina va chigal. Chegaradagi muammolar, etnik tortishuvlar, suv va energetik resurslar uchun kurash, Farg'ona vodiysida joylashgan uch respublika o'rtasida integratsion siyosatning yo'qligi, diniy ekstremizm va narkotrafikning o'sishi, jinoyatchilikning kuchayishi shular jumlasidan", - deydi u.

Beshimovning aytishicha, muvaqqat hukumat davlat to'ntarishidan so'ng barqarorlik va tartibni tiklay olmadi. O'shdagi voqealar Jalolobodda bir oy burun bo'lgan hodisalar davomidir. Vaziyat nazorat ostiga olinmasa, yanada yomonlashadi, deydi u.

"Na Akayev, na Bakiyev hukumatlari janubdagi muammolarga diqqat qaratgan. Natijada ular to'planib bordi. O'sh narkotrafik markazi, SPID o'chog'iga aylangani haqida ko'pdan beri matbuotda gapiriladi, ammo hukumat tomonidan hech narsa qilinmagan. Hozir esa muvaqqat hukumat ham bo'shlik qilib, tahdid ko'lamini anglamayapti", - deydi Beshimov.

Qirg'iz siyosatchisining aytishicha, etnik mojarolarga barham berish uchun respublikadagi barcha elatlarni jamiyatga integratsiyalashtirish lozim. Muammolarni hamjihatlikda, hamkorlikda hal etish kerak. Jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo'yib, siyosatdan chetlatish zarur, deydi Beshimov.

Ba'zilar nazarida Qirg'iziston janubidagi o'zbeklar yangi konstitutsiyada o'zbek tiliga davlat yoki rasmiy til maqomi berilmaganidan norozi. Tanqidchilar fikricha esa bu Qirg'izistonda separatist kayfiyatlarning kuchayishiga olib keladi. Biroq Baktibek Beshimovga ko'ra, o'zbeklarni hozir bundanda muhimroq muammolar tashvishga solyapti.

"Muammoni siyosatchilar o'ylab topgan. Janubdagi o'zbeklarga ish kerak. Aks holda ko'plari Rossiya yoki Qozog'istonga mehnat muhojiri sifatida ketishga majbur. Ularga yer kerak. Uy qurish va qishloq xo'jaligi bilan shug'ullanish uchun. O'zbeklar son bo'yicha qirg'izlardan keyin ikkinchi o'rinda ekan, murosa qilib yashashni o'rganish kerak. Konstitutsiya o'zbek tiliga tarjima qilinsa, tushuntirish ishlari o'zbek tilida olib borilsa, buning nimasi yomon", - deya taajjublanadi sobiq deputat.

Baktibek Beshimov janubda bo'layotgan voqealarga ichki omillardan tashqari tashqi omillar ham aralashgan bo'lishi mumkin, deydi.

"7 aprelda bo'lgan davlat to'ntarishi tashqi kuchlar yordamida amalga oshirildi. Hozir O'shda ham shunday bo'lyapti deb o'ylayman. Ba'zi davlatlardagi muayyan siyosiy kuchlar vaziyatning barqarorlashidan manfaatdor emas", - deydi Beshimov.

Toshkentda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a'zo davlatlar sammitida O'zbekiston va Rossiya rahbarlari O'shdagi voqealar Qirg'izistonning ichki ishi degan xulosaga kelgan. Muxolifatdagi "Birlik" partiyasining Internetdagi sahifasida guruh raisi Abdurahim Po'latovning e'tiroz bildirishicha, muvaqqat rahbarlar Qirg'izistonda hokimiyatga noqonuniy yo'l bilan kelib, hukumat haligacha qonuniylashmagan - yangi konstitutsiya bo'yicha na referendum o'tkazildi, na yangi saylovlar bo'lib o'tdi. Demak, deb yozadi o'zbek muxolifatchisi, Islom Karimov hukumati Qirg'iziston janubida tartib o'rnatilguncha, o'zbeklar himoyasi uchun O'shga harbiylarni kiritishga haqli. Po'latov Rossiyaning Janubiy Osetiyadagi ruslarni himoya qilish maqsadida Gruziyaga qo'shin kiritganini misol tariqasida keltiradi.

Baktibek Beshimov nazarida ham O'shdagi voqealar Qirg'izistonning ichki ishi emas.

"Mojaro mintaqaviy tus olish xavfi bor. Shuning uchun Rossiya, AQSh, Qozog'iston va O'zbekiston vaziyatni barqarorlashtirish uchun zarur choralar ko'rishi lozim. "Medvedev bu ishga aralashmaymiz" degani bilan ertaga ahvol yanada yomonlashsachi", - deydi Beshimov.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG