Breaking News

Hozir referendum emas, integratsiya kerak, deydi sobiq deputat


Qirg’iziston muvaqqat hukumati yakshanba kungi referendumga katta umidlar bog’lagan.

Minglab qochqinlar chegaraning narigi tomonida, yuz minglab fuqarolar janubda boshpanasiz ekan, mamlakat misli ko’rilmagan inqiroz domida.

Qirg’iz arboblari fikricha, referendumni nima bo’lgan taqdirda ham o’tkazish qarori bilan muvaqqat rahbarlar katta xatoga yo’l qo’ymoqda.

Bu Qirg’izistonni yana zo’ravonlik domiga tortishi, xunrezliklardan so’ng qaror topgan nisbiy osoyishtalikni buzishi mumkin.

“Hukumat qonuniy maqomga ega bo’lishni istasa, referendumni qoldirib, hozir butun diqqatni janubdagi ahvolni barqarorlashtirishga, hukumat negizini mustahkamlashga qaratishi zarur”, - deydi Qirg’iziston parlamenti sobiq deputati, Sotsial Demokratik Partiya rahbari Baktibek Beshimov.

U Bakiyev ma’muriyati davrida ta’qiblardan qochib, AQShda boshpana topgan. Hozirda Boston shahrida istiqomat qiladi.

Baktibek Beshimov, Qirg'izistonning Hindistondagi sobiq elchisi, Akayev va Bakiyev ma'muriyatlariga qarshi chiqishlari bilan tanilgan
Baktibek Beshimov, Qirg'izistonning Hindistondagi sobiq elchisi, Akayev va Bakiyev ma'muriyatlariga qarshi chiqishlari bilan tanilgan

“Fuqarolarga hozir non, suv, boshpana zarur, ular o’zini oz bo’lsada xavfsiz his etishi kerak. Qonuniylik va hukumatga ishonch shundan boshlanadi”, - deydi u.

O’shda tug’ilib o’sgan ushbu siyosatchi nazarida asosiy muammo shimol va janub bir-biridan yiroqlashib, begonalashib borayotganida.

“Elni saylovga olib chiqish emas, integratsiya birinchi o’rinda bo’lishi kerak. Ana shundan keyin hukumat keyingi qadamlarini o’ylab olish imkoniyatiga ega bo’ladi”.

Hozirda O’zbekistonga o’tgan qochqinlarning deyarli yarmi vatanga qaytgani haqida ma’lumotlar bor. Biroq muvaqqat hukumat ularni qanchalik himoya qila olishi, elatlar bundan buyon yonma-yon, tinchlikda hayot kechira olishi va muhimi – o’zbeklar mamlakat siyosiy hayotida qanchalik rol o’ynashi savol ostida.

Qirg’izistonning AQShdagi sobiq elchisi Baktibek Abdrisayevning aytishicha, janubdagi fojia qardoshlik munosabatlarida chuqur iz qoldirdi va bu yaraning bitishi qiyin bo’ladi.

“Obdon qiyin masala bu. Hozir xalqaro tergov o’tkazib turib, uni ochiq sud bilan elga ko’rsatib turib tushuntirish kerak”, - deydi Abdrisayev.

O’sh va Jaloloboddagi voqealar matbuot vositalarida turlicha talqin qilinmoqda. Unlarning ortida kim turgani haqida taxminlar ko’p.

Ayrimlar sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev va uning tarafdorlarini ayblasa, boshqalar nazarida nomi tilga olinmayotgan “uchinchi kuchlar”ning qo’li bor. O’zbekiston rahbari Islom Karimov fikricha, “ayb na o’zbek, na qirg’izlarda, nizoni qo’zg’ayotgan boshqa bir tomon bor”.

Fojia tagiga yetish uchun xalqaro miqyosda tekshiruv o’tkazib, Qirg’izistonga tinchlikparvar kuchlarni kiritish chaqiriqlari tobora balandroq yangramoqda.

“Bu ishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti jonbozlik ko’rsatishi lozim. Qirg’iziston Markaziy Osiyoning Abxaziyasiga aylanishiga yo’l qo’ymaslik lozim”, - deydi xunrezliklar ortida Rossiya qo’li borligini da’vo qilayotgan sobiq deputat Baktibek Beshimov.

“O’sh va Jaloboddagi voqealardan bir xulosa shuki, Markaziy Osiyo o’z xavfsizligini ta’minlashda faqat o’ziga tayana oladi. Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi kabi Rossiya boshchiligidagi tashkilotlardan biror naf yo’q”.

Baktibek Beshimov nazarida Qirg’izistonga tinchlikparvar qo’shin kiritilishi BMT shafe’ligida amalga oshirilishi o’ta muhim.

“Bu masalada faqatgina Rossiya yordamiga tayanish uzoq muddatda katta muammolarga yetaklashi mumkin. Buni Kavkaz misolida ko’rganmiz”.

XS
SM
MD
LG