Breaking News

Pokistonda saylovdan oldin islomiy kuchlar faollashgan


Pokistondagi yangi "Tahriki Insof" islomiy partiyasi tarafdorlari. 6-may 2013.
Pokistondagi yangi "Tahriki Insof" islomiy partiyasi tarafdorlari. 6-may 2013.
Pokistonda diniy an’analar chuqur ildiz otgan bo’lib, ko’plar islom tamoyillariga asoslanib yashaydi. Diniy partiyalarning aholi orasida ta’siri shu qadar kuchlikki, ularning himoyasiga minglab odamlar ko’chaga chiqishi mumkin. Ammo siyosiy sahnada bu partiyalar katta yutuqlarga erishganicha yo’q.

“Jamoati Islomiy” Pokistonda faol diniy partiyalardan biri. Uning a’zolari 11-mayda bo’ladigan parlament saylovlarida ilk bor qatnashadi. Partiya vakili Xurshid Ahmadning aytishicha, “yangi hukumatga insofli odamlar saylansin, AQSh yetakchiligidagi terrorga qarshi urushga barham berilsin” deganlar “Jamoati Islomiy” uchun ovoz beradi:

“Islomda nafaqat din va ma’naviyat, balki dunyoviy masalalarga ham katta e’tibor beriladi. Insonning shaxsiy ma’naviyati bilan jamiyat yoki davlat ma’naviyati orasida farq yo’q. Biz hamma Allohni qabul qilsin, deymiz”.

Korrupsiya chuqur ildiz otgan va iqtisod og’ir ahvolda bo’lgan mamlakatda bunday fikrni qo’llab-quvvatlovchilar kam emas. Madrasa talabasi Mudassar Abbosiy qaysi nomzod Pokiston konstitutsiyasida aks etgan islom tamoyillarini qo’llayman desa, shunga ovoz beraman, deydi. Lekin Abbosiy ayni vaqtda diniy partiyalar saylovda jiddiy g’alaba qozonishiga ishonmasligini aytadi.

"Agar bu saylovlarda diniy partiya g’alaba qozonsa, Pokiston ancha barqarorlashib, korrupsiya susayadi. Har bir fuqaroning huquqlari hurmat qilinadi,” - deydi u.

Mamlakat parlamenti, Milliy majlisdagi 342 o’rindan sakkiztasi hozirda diniy partiyalarga tegishli. Saylovda ular ko’proq ovoz yig’ib, qo’shimcha o’rinlarni egallash niyatida.

Ammo AQShning Tinchlik institutida Janubiy Osiyo bo’yicha mutaxassis Moyid Yusuf pokistonliklar orasida shariatga asoslangan davlatni qo’llaydiganlar kam, deydi.

“Siyosiy islom yoki dinning siyosiylashuvi hissiy jihatdan pokistonliklarni o’ziga tortgani bilan siyosiy tomondan ko’p tarafdorlarga ega emas. Bu juda qiziq holat. Diniy partiyalarni qo’llab millionlab odamlar ko’chalarga chiqadi, lekin agar aynan shu partiya vakili xalqqa murojaat qilib, “men gubernator bo’lmoqchiman, menga ovoz bering” desa, tarafdor topolmasligi mumkin,” - deydi ekspert.

Islomobod yaqinidagi bir qishloqda aksariyat do’konlar sohiblari hukmron Pokiston Xalq partiyasi uchun ovoz bermoqchiligini aytadi. Boshqalarga esa yangi “Tahriki Insof” partiyasi ma’qul.

Uning tarafdorlaridan bo’lmish Shohid Riyoz diniy partiyalar platformasi haqida bunday deydi:

“Fikrimcha, ular iqtisodni o’zgartira olmaydi, ular faqat diniy masalalar haqida o’ylaydi. Vaholanki, biz, pokistonliklarga demokratiya va mustahkam farovon iqtisod kerak”.

“Tahriki Insof” partiyasi rahbari Imron Xon esa islom va iqtisodni bir-biriga bog’lashga harakat qiladi. Tarafdorlari ham kam emas ko’rinadi.

So’rov natijalariga kora, bu partiya hozir ikkinchi o’rinda. Terrorizmga qarshi urushdan xoli farovon islomiy davlat qurmoqchimiz, deydi Imron Xon.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG