Pokiston shimoli-g’arbida hukumat qaqshatqich toshqindan omon qolgan kishilarni boshpana bilan ta’minlash harakatida. Biroq chodir shaharlar odamga to’la, yana 10 minglab fuqaroni joylash muammo bo’lib qolmoqda.
O’lganlar soni 1500 ga yaqinlashgan. Chekka qishloqlarda yana minglab odam yordamga ko’z tikmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisob-kitobiga ko’ra, Pokiston shimoli-g’arbi, Xaybar-Paxtunxava viloyatida toshqin tufayli taxminan 3, 2 million odam jabr ko’rgan.
Mutaxassislar ta’biricha, bu tog’li hududda toshqin kamdan-kam uchraydigan hodisa. Biroq regionda Tolibon faol va armiya ular bilan olishar ekan, gumanitar agentlik, BMT idoralari hududda hozir, to’qnashuvda talofat ko’rgan aholiga yordam berish uchun. Mana shu tashkilotlar tabiiy ofat paytida ham fuqaroga yordam qo’lini cho’zgan.
Biroq BMT vakili Niki Bennetning aytishicha, ahvol og’ir. Oxirgi 80 yilda mintaqa bu kabi ofat bilan ilk bor yuzlashmoqda.
"Regionda BMT xodimlari, zaxira omborlari yetarli. Ammo tog’li hududda transport harakati qiyin kechmoqda. Odamlarni joydan-joyga ko’chirish mushkul”, - deydi rasmiy.
Niki Bennet deydiki, Svot daryosi uzra o’tgan ko’priklar qulagan. “Eng ko’p talofat ko’rgan hududlarga qo’limiz yetmayapti”, - deydi BMT xodimi.
Chekka qishloqlarda bir necha ming fuqaro yegulik, yonilg’idan uzilib qolgan. Pokiston hukumati 20 ming odamni qutqarish uchun 30 ming askar safarbar etgan. Xalqaro hamjamiyatdan ham yordam yetib kelmoqda.
AQShning Islomoboddagi elchixonasi vakili Rik Snelsayr so’zlariga ko’ra, Qo’shma Shtatlar 10 million dollar yordam ajratgan. Oziq-ovqat, havo transporti, ichimlik suvi ta’minlanmoqda.
Britaniya 8 million dollar berishga ahd qilgan.
“Aynan ichimlik suvi hozir katta muammo”, - deydi BMT xodimasi Niki Bennet, “chunki toshqin paytida ich ketish yoki vabo kabi xastaliklar tarqalishi oson”.
Qo’shni Afg’onistonda toshqin 60 odamni hayotdan olib ketgan. Suv sekin-asta chekina boshlagan, ammo mutaxassislar yaqin kunlarda mavsumiy yomg’ir yana kuchayishi mumkin, deydi.