Breaking News

Pokistonda epidemiya xavfi yuzaga kelgan


Pokiston rasmiylari toshqin sababli kasalliklar tarqalishidan tashvishda. Toza ichimlik suvi tanqis, sanitariya ahvoli og’ir va natijada ichak-oshqozon yallig’lanishi, ich ketish va teri xastaliklari avj olmoqda.

Ofat shu paytgacha 1600 odamni hayotdan olib ketgan bo’lsa, epidemiya yana yuzlab fuqaroning yostig’ini quritishi mumkin.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun ertaga Pokistonga borib, xalqaro yordam xususida muzokara qilishi kutilmoqda. Tashkilot dunyo davlatlarini bu yo’lda 460 million dollar jamg’arishga da’vat etmoqda.

AQSh Senatining Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Jon Kerri ham kelasi hafta Pokistonga yo’l oladi. O’tgan yili Kongress bu davlatga besh yilga atab, 7,5 milliard dollarlik yordam paketini ma’qullagan edi. Senator Kerri tashabbusni olg’a surgan arboblardan.

Pokistonga safar qilar ekan, Jon Kerri Amerika jamoatchiligini tabiiy ofat va uning ko’lami haqida ogoh qilmoqchi. Kongress ajratgan mablag’ning qancha qismini ofatga sarflash haqida muzokara qilmoqchi.

Shu paytgacha Qo’shma Shtatlar toshqin bilan kurashish maqsadida 76 million dollar ajratib bo’lgan. Qo’shimcha mablag’ zarurmi-yo’qmi, ana shu masala muhokamada.

Amerika rasmiylari fuqarolarni, xususiy kompaniyalarni Pokiston ahli uchun xayriya qilishga undamoqda. 2004 yilda Osiyodagi sunami va 2005 yilda Pokistondagi zilziladan so’ng jamoatchilik hozirgidan ancha faolroq bo’lgan.

Davlat departamenti vakili Den Feldman fikricha, iqtisodiy krizis va Gaitidagi qaqshatqich zilzilaga yo’llangan ulkan moliyaviy madad ketidan jamoatchilik charchagan. Shu bois donorlik-xayriya ishlari sust kechmoqda. Biroq odamlar Pokistondagi ofat ko’lamini aniq-ravshan ko’ra olsa, yondashuv o’zgarishi tabiiy, deydi Den Feldman.

AQSh Mudofaa vazirligi Pokistonga yordam tariqasida, odamlarni evakuatsiya qilish, madad yetkazish uchun 19 harbiy vertolyot jo’natmoqda, shundan ikkisi kecha Islomobodga yetib borgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG