Breaking News

Vatanda boshpanasiz yashayotgan pokistonliklar


Pokistonning ichki qochoqlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:12 0:00

Pokiston harbiylari mamlakat shimoli-g’arbida jangarilarga qarshi amaliyotni kuchaytirar ekan, yuz minglab tinch aholi turar joylarini tashlab qochmoqda. Boshpana va oziq-ovqatga muhtoj bu qochoqlar hukumat uchun yangi muammolarni keltirib chiqarmoqda. Hozirda uylarini tashlab ketganlar yarim million atrofida ekani aytiladi. Ular hukumat tashkil qilgan lagerlarda sharoit abgor ekanidan va mavhum kelajakdan noliydi.

Bosh vazir Navoz Sharif boshlagan tinchlik muzokaralari muvaffaqiyatsiz yakunlangach, “Tahriqi Tolibon Pokiston” va boshqa jangari guruhlarga qarshi keng ko’lamli harbiy amaliyot boshlandi. Rasmiylar amaliyotning muvaffaqiyatli o’tayotganini da’vo qilsa-da, mintaqani tark etayotgan qochoqlar soni oshib borayotgani hukumatni yangi gumanitar inqirozga yuzlashtirmoqda. Xavfsizlik talabida yuz minglab qochoqlar o’z uylarini tark etgan. Ular uchun yordam lagerlari bunyod etilmoqda. Bosh vazir Navoz Sharif ana shunday lagerlardan biriga tashrif buyurib, qochoqlar muammosi hukumat diqqat markazida ekanini ta’kidladi.

“Hukumat va harbiylar birgalikda muammolaringizni osonlashtirishga urinmoqda. Umid qilamanki, bosqichma-bosqich bu qiyinchiliklar yakuniga yetadi”, - dedi bosh vazir.

Qochoqlar lageridan qo’nim topgan ko’plar “Amerika ovozi” bilan suhbatda oziq-ovqat tanqisligi hamda tibbiy xizmat markazlarining yetarli emasligidan shikoyat qilgan. Shuningdek, armiya hujumi oqibatida ko’plab insonlar halok bo’lgani va turar-joylar vayron qilinayotgani yuzasidan noroziliklar yangragan.

“Mening hech qanday aybim yo’q, ammo shunga qaramay, ko’p qiynaldim. Terrorchilar allaqachon hududni tark etgan, lekin uylarimiz va mol-mulkimiz yakson qilinmoqda”, - deydi mahalliy aholi vakillaridan biri.

Harbiylarning ta’kidlashicha, fuqarolar xavfli hududlarni tark etish haqida oldindan ogohlantirish olgan; imkon qadar faqat terrorchilar manzillari nishonga olinmoqda.

Minglab oddiy fuqaro o’z manzillariga yetguncha bir necha kunlab yo’l bosishi aytiladi.

“Ikki kecha-kunduzdan beri yo’ldaman. Yegani va ichgani hech vaqom yo’q”, - deydi qochoqlardan biri.

Hukumat ramazon oyi davomida qochqinlarga moddiy madad ko’rsatishini ma’lum qilgan. AQSh va “Jahon oziq-ovqat dasturi” ham Pokistonga insonparvarlik yordamini jo’natgan. Tahlilchilarning ta’kidlashicha, ko’mak dasturlari qochqinlar yuzlashayotgan qiyinchiliklarni yengillashtiradi, ammo jangarilarni butunlay yo’q qilishga qaratilgan amaliyot muvaffaqiyat qozonmaguncha, bu aholi barqaror hayotga qayta olmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG