Breaking News

"Islomiy davlat" Pokistonda kuchaymoqda


Kvettadagi xurujdan so'ng, 6-fevral, 2016-yil
Kvettadagi xurujdan so'ng, 6-fevral, 2016-yil

Pokiston razvedkasi rahbarlaridan biri "Islomiy davlat" jangari guruhining Pokistonga jiddiy tahdid ekanini tan oldi. Iroq va Suriyada keng quloch yozgan guruh Pokistonga ham kirib boryapti. Islomobod bungacha Pokistonda Daish yo'q deb kelgan edi.

Senatning Ichki ishlar va narkotiklarga qarshi kurash qo'mitasidagi yopiq tinglovda Pokiston Razvedka byurosining bosh direktori Oftob Sulton "Islomiy davlat"ga aloqador guruhlarning Pokistonda ko'payayotganini ta'kidladi.

Unga ko'ra, faoliyati man qilingan va Pokistonda shialarga ko'p hujum uyushtirgan Lashkari Jangvi va Sipohi Sahoba kabi mahalliy sunniy islomiy tashkilotlar Daish bilan til biriktirgan.

Oftob Sultonning da'vo qilishicha, "Islomiy davlat" qo'shni Afg'onistonda bosh idorasini ochib, terror xurujlarini uyushtirishda Pokistonning Tahriki Tolibon guruhi bilan hamkorlik qilmoqda.

"Daish pokistonliklarni Suriyadagi jangarilari safiga jalb qilishga harakat qilyapti. Ma'lumotlarimizga qaraganda, yuzlab pokistonliklar Suriyada "Islomiy davlat" safiga qo'shildi", - deydi u.

Sultonning aytishicha, targ'ibot ishlari ijtimoiy sahifalarda, internet orqali olib borilmoqda.

Islomobod Pokistonda Daishning soyasiga ham toqat qilmaymiz, deb keladi. Yaqinda mamlakatning ayrim rayonlarida o'tkazilgan reydlarda "Islomiy davlat"ga aloqasi bor deya gumon qilingan o'nlab odam tashviqot materiallari bilan qo'lga tushdi.

Shunga qaramay, siyosatchilar Pokistonda Daish saflari kengayayotganidan tashvishda.

“Daish nafaqat Pokiston, balki butun dunyoga tahdid", - deydi sobiq ichki ishlar vaziri Rahmon Malik. U tinglovni o'tkazgan Senat qo'mitasiga raislik qiladi hozir.

“Ulardan kelajakda Pokiston va Afg'onistonga ko'p zarar yetadi, deb o'ylayman. Xitoyga ham. Bunga qarshi kurashish uchun maxsus bo'linma tuzish kerak", - dedi u.

Pokistonlik tahlilchilarga ko'ra, agar Daishga qarshi turilmasa, Pokiston uchun oqibatlari yomon bo'ladi.

“Pokistonda unga o'xshash guruhlar bor. "Islomiy davlat"ni qo'llab-quvvatlayotgan, uning mafkurasiga xayrixoh, unga odam yollashda yordamlashayotgan guruhlar bor", - deydi pokistonlik tahlilchi Said Nazar.

Unga ko'ra, hukumat faoliyati man etilgan guruhlarga qarshi qattiqroq choralar ko'rishi zarur.

"Daish al-Qoidadan ikki qadam oldinda yuradi. Hukumat al-Qoidaga ko'z yumgan edi, ko'ramiz, Daish bilan nima qilishar ekan", - deydi Peshovar universiteti professori Ijaz Xon.

Afg'oniston va AQSh harbiylariga ko'ra, "Islomiy davlat" Afg'oniston sharqidagi Nangarhor viloyatida katta hududlarni ishg'ol qilgan. Nangarhor Pokiston bilan chegaradosh bo'lib, jangarilar chegaraning har ikki tomonida ta'sirini oshirishga harakat qilmoqda.

Harbiylarning bildirishicha, ilgari Afg'oniston va Pokiston Tolibonlari safida harakatlangan jangarilarning ayrimlari hozir "Islomiy davlat" safida katta lavozimlarni egallamoqda.

"Islomiy davlat" Afg'oniston, Pokiston va Eronning bir qismini xalifaligining alohida viloyati (Xuroson) sifatida belgilab, Pokiston Tolibonining sobiq qo'mondoni viloyat rahbari etib tayinlandi.

So'nggi haftalarda AQSh dronlari va Afg'oniston harbiy-havo kuchlari Nangarhorning Achin tumani va uning atrofini havodan nishonga olib, Daishga aloqador ko'plab jangarilar yo'q qilindi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG