Breaking News

Pokiston va Rossiya aloqalarni mustahkamlamoqchi


Rossiya va Pokiston tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi
Rossiya va Pokiston tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi
Pokiston va Rossiya o’zaro siyosiy, iqtisodiy va harbiy aloqalarni chuqurlashtirish niyatida. Bu maqsadda so’nggi kunlarda yuqori darajali uchrashuvlar bo’lib o’tdi. Ikki davlat manfaatlari uyg’unlashgan masala – Afg’oniston va uning 2014-yil, xalqaro qo’shinlar chiqib ketganidan keyingi kelajagi.

Shu hafta Pokiston Mudofaa vaziri general Ashfaq Parvez Qayaniy Moskvaga bordi. Ayni vaqtda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham Islomobodga tashrif buyurdi.

Yuqori darajadagi uchrashuvlar prezident Vladimir Putin Pokistonga safarini bekor qilganidan keyin bo’lib o’tmoqda. Putin Islomobodda Pokiston, Afg’oniston, Tojikiston va Rossiya o’rtasidagi muhim uchrashuvda qatnashishi kutilayotgan edi. Biroq sammit ishi kechga qoldirildi.

Ayrim tahlilchilar rejadagi o’zgarishlarni ikki tarafning aloqalarni yaxshilashga qaratilgan urinishlari samara bermaganidan darak, deya baholaydi. Biroq rasmiylar bunday taxminlarni inkor etmoqda.

Payshanba kuni Lavrov bilan bo’lib o’tgan uchrashuvdan so’ng Pokiston Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xar shunday bayonot berdi:

“Menimcha, Tashqi ishlar vaziri Lavrovning ikki kunlik tashrif bilan Pokistonga kelganining o’zi ham Rossiya Federatsiyasi biz bilan aloqalarni ahamiyatli deya baholayotganining isbotidir”, - dedi Pokiston rasmiysi.

Islomobod eski hamkori Vashington bilan aloqalarida sovuqchilik yuz bergandan beri Moskva bilan munosabatlarini yaxshilashga urinmoqda. Iste’fodagi general Farrux Hamid Xonga ko’ra, Pokiston xalqi buni iliq kutib olmoqda.

“Qo’shma Shtatlar bilan aloqalarimiz ba’zan yaxshi, ba’zan yomon bo’ldi. So’nggi 10 yil ichida Pokistonga nisbatan turli jazo choralarini qo’llashdi, iqtisodiy va harbiy sanksiyalar bilan qo’rqitishga ham urinishdi. Bugunga kelib odamlarimiz orasida Amerikaga qarshi kayfiyat shu qadar kuchaydiki, Pokiston xalqi Rossiya bilan aloqalarimizning yaxshilanishidan faqat mamnun bo’ladi,” – deydi sobiq general.

Ammo bu iliqlashuvdan ko’p narsa kutmang, deyayotganlar ham bor. Tarixan ikki taraf o’rtasidagi munosabatlar muammolardan xoli bo’lmagan. Pokiston AQSh bilan birgalikda Afg’onistonda sovetlarga qarshi jang qilgan mujohidlarni pul bilan ta’minlab, ularni harbiy tayyorgarlikdan o’tkazgan.

Pokiston Senatining Mudofaa qo’mitasi raisi Mushohid Husaynning aytishicha, Moskva va Islomobod o’rtasidagi diplomatik aloqalarda yangi davr boshlanmoqda. Buning sababi AQSh va NATO tashkiloti qo’shinlarining 2014-yil oxirida Afg’onistondan chiqib ketishi bilan bog’liq, deydi u.

“Shu bois Rossiya bilan aloqalarimiz ahamiyati oshadi. Sovuq urush davrida va undan keyin biz munosabatlarimizni yaxshilay olmagan edik. Buning mintaqaviy, iqtisodiy hamkorlik borasidagi ahamiyati ham katta bo’lishi aniq, chunki Rossiya neft va gazga boy davlat. Demak, nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish imkoni bor”, - deydi rasmiy.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Islomobodga tashrifi chog’ida muzokaralardagi asosiy masala Afg’oniston ekanini e’tirof etdi. Bu hududda
tinchlik o’rnatish borasida Islomobod bilan hamfikrmiz, dedi u.

“Afg’onistondagi mojaroni hal etishga qaratilgan takliflar afg’onlarning o’zidan chiqishi kerak. Bu jarayonda barcha taraflar ishtirok etmasa bo’lmaydi. Taraflar konstitutsiyaga rioya qilishi va kelishmovchiliklarni tinch yo’l bilan, zo’ravonliksiz hal etishi zarur”, - deydi Lavrov.

Pokiston Afg’onistonda tinchlik o’rnatish jarayonida katta rol o’ynashi shubhasiz. Buni Vashington ham e’tirof etadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG