Breaking News

Tojikiston, Rossiya harbiy baza bo’yicha 30 yillik bitim imzoladi


Dushanbe, 5-oktabr, 2012
Dushanbe, 5-oktabr, 2012
Tojikistonda Rossiyaning harbiy bazasi yana 30 yilga qoladi. Prezident Vladimir Putinning Dushanbega safari chog’ida bu borada bitim imzolangan.

Rossiyaning 201-harbiy diviziyasi yetti ming zobitdan iborat bo’lib, Tojikiston-Afg’oniston o’rtasidagi eng uzun chegarani nazorat qiladi. Bazaning ijara muhlati 2014-yilning yanvarida nihoyasiga yetishi kutilgan edi.

“Afg’onistondan kelayotgan terrorizm va qoradori savdosiga qarshi kurash - mintaqaviy barqarorlik kaliti”, - deyiladi qo’shma bayonotda.

O’tgan oy Kreml qo’shni Qirg’izistondagi Kant harbiy bazasidan 2032-yilgacha foydalanish to’g’risida ham bitimga erishgan.

Putinning tashrifi davomida tojikistonlik mehnat muhojirlarining Rossiyada ishlashini yengillashtirish borasida kelishib olindi. Ma’lumki, millionlab muhojirlar Rossiyada ishlab non topadi, ular o’tgan yili vatandagi oilalariga qariyb uch milliard dollar pul jo’natgan. Tojikiston iqtisodiyoti uchun bu muhim tayanch.

Rossiya, shuningdek, bu davlatga gidroelektrostansiyalar qurishda ko’maklashadi.

Rossiya rahbarining yordamchisi Yuriy Ushakov so’zlariga ko’ra, harbiy baza ijarasi ramziy bir to’lov asosida uzaytirilgan.

“Bu baza bizga ham, Tojikistonga ham birdek kerak”, - deydi u.

5-oktabr kuni 60 yoshini qarshilagan Emomali Rahmon 2013-yilning noyabrida o’tadigan prezidentlik saylovida qatnashib, yana yetti yil hokimiyatda qolish niyatida. Rossiyaning harbiy-iqtisodiy madadi unga havodek zarur, deydi mahalliy tahlilchilar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG