Breaking News

Pokiston afg'on Toliboniga: Kobul bilan muzokara qiling yoki mamlakatdan keting


Pokiston-Afg'oniston chegarasi
Pokiston-Afg'oniston chegarasi

Islomobod afg'on Tolibonining Pokistonda jon saqlayotgan rahbarlaridan Kobuldagi hukumat bilan tinchlik muzokaralarini olib borishni talab qilmoqda, aks holda ularga Pokistonni tark etish tavsiya etilgan.

“Tolibon bosim ostida, ayrim vakillari Pokistondan ketgan yoki ketmoqda", - deydi ismini oshkor etishni istamagan, Afg'oniston siyosatiga mas'ul pokistonlik rasmiy "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Afg'oniston hukumati qo'shni davlatni Tolibonni qo'llab-quvvatlayotganlikda, unga yetarlicha bosim qo'ymayotganlikda ayblab keladi. AQSh ham Islomoboddan yetakchi jangarilarni mamlakatdan haydashni talab qilib keladi.

Pokiston uning razvedkasi Tolibon harakati va unga ittifoqdosh Haqqoniy tarmog'iga yashirincha yordam berayotgani haqidagi da'volarni inkor etmoqda. Ayrim kuzatuvchilarga ko'ra, Islomobod afg'on mojarosini uzaytirish orqali Kobulga ta'sirini saqlab qolmoqchi, ayniqsa AQSh yetakchiligidagi xalqaro kuchlar mamlakatni tark etgudek bo'lsa.

Kobulning Islomobodga nisbatan ishonchsizligi ikki davlat aloqalarining yaxshilanishiga g'ov bo'lmoqda.

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani qo'shni mamlakatni Pokistonda yashayotgan jangarilar yetakchilariga qarshi chora ko'rmayotganlikda ayblab keladi. Bunga javoban Islomobod afg'on razvedkasini Pokiston Toliboni a'zolariga boshpana berganlikda va ularni qo'llab-quvvatlayotganlikda ayblamoqda.

Oy boshida Pokistonning Afg'oniston bilan chegaradosh Kvetta shahrida va uning tevaragida Tolibonning bir necha rahbari hibsga olindi. Mulla Nanay, Sulaymon Og'a va Mulla Samad Saniy kabilar. Ular Afg'oniston hukumati bilan tinchlik muzokaralarini olib borishdan bosh tortgani uchun qo'lga olingani aytiladi.

Pokiston politsiyasi toliblarni saqlaganlikda gumon qilingan qator madrasalarni ham yopgan. U yerda afg'on qochqinlarining farzandlari tahsil olgan.

Bu kabi bosimlardan so'ng Tolibon masalani Pokiston rasmiylari bilan muhokama qilish uchun Qatarda joylashgan siyosiy idorasining bir necha vakilini Islomobodga yuborgan.

Pokiston buni rasman tan olmayotgan bo'lsa-da, bu mamlakat xavfsizlik idorasida ishlovchi bir xodim buning haqiqat ekanini "Amerika Ovozi"ga tasdiqladi. Ammo, deydi u, toliblar Islomobod taklifiga ko'ra emas, o'z xohishiga ko'ra safar qilgan. Kobul bundan norozi. Unga ko'ra, Tolibonning BMT qora ro'yxatiga kiritilgan rahbarlari xorijga safar qilishi mumkin emas.

Delegatlar Pokistonda afg'on qochqinlariga nisbatan tazyiqlar, deportatsiyalar masalasini ham ko'tarmoqchi, deydi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda Tolibon so'zlovchisi Zabihulla Mujohid.

Jangarilar vakili Tolibon elchilarining Qatarda afg'on rasmiylari bilan pinhona uchrashuvi haqidagi xabarlarni inkor etdi. Unga ko'ra, bunday uchrashuv bo'lmagan.

Pokistonning Balujiston viloyati hokimining matbuot kotibi Anvar-ul Haq jangarilarning viloyatda tayyorgarlikdan o'tayotgani haqidagi xabarlarni inkor etdi.

“Toliblar mashq qilishi uchun Afg'onistondan tashqariga chiqishi shart emas. Bu mamlakatning qishloq hududlari jangarilar qo'lida. To'g'ri, chegarani kesib o'tish hollari uchramoqda, axir Pokistonda ko'plab afg'on qochqinlari bor. Jangarilar ularning orasiga kirib olgan", - deydi Anvar-ul Haq.

Ikki davlat salkam 2500 kilometrlik chegaraga ega.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG