Breaking News

General Do’stum Tolibonga qarshi kurashda AQShdan yordam so’radi


Afg’onistonda Faryob viloyatining Qo’rmoch tumanida janglarga rahbarlik qilayotgan Vitse-prezident, general Abdul Rashid Do’stum Amerikadan harbiy yordam so’ragan. General xorijiy kuchlar afg’on harbiylariga ta’lim berishi, ularni yengil va og’ir qurol bilan ta’minlashi kerakligini ta’kidlagan.

Xorijning harbiy yordami zarur, deydi general Do'stum
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:32 0:00

“Amerikaliklarga aytishimiz kerak: Vatanimizni Tolibondan ozod qilishga yordam berdingiz. Mamlakatimizda armiyaga mashq berib jang uchun tarbiyaladingiz. Endi bizni kerakli qurol-aslaha bilan ham ta’minlang. Men askarlarimga oldin ham aytganman. Amerikalik kuchlar orqasiga yashirinmang. O’zingiz janglarga bosh-qosh bo’ling deganman”,- deydi general.

U ayni damda qo’shni Pokiston hukumatini ayblaydi, Pokiston armiyasi boshlig’i janglarga rahbarlik qilayotganini iddao qiladi.

“Qunduz, Faroh, Hilmand, Faryob viloyatlaridagi urushlarga nazar solsak, bu yerdagi toliblarning bunga qurbi yetmasligini hamma biladi. Albatta, chet ellik harbiylar buni boshqarmoqda. Pokiston josuslik xizmati (ISI) ularga ma’lumot va maslahat berib nazorat qiladi. Shunday harbiy sohani biladigan odamlar janglar orqasida bo’lmasa, toliblarga kim qo’yibdi bunday janglarni”,- deydi Do’stum.

Janglar davom etar ekan, ba’zi axborot vositalari Do’stumning yaralangani haqida ma’lumot chiqargan edi. Lekin u bu xabarlarni rad etadi. Toliblar uni yenga olmasligini ta’kidlaydi.

Lekin general Tolibon pistirmasiga duch kelgani va zirhli vositalariga zarar yetganini rad etmaydi. Otishmalar natijasida 15 nafar harbiy jon bergani va 20 nafar yaralanganini tasdiqlaydi.

Mahalliy jurnalistlardan olingan ma’lumotlarga ko’ra, so’nggi ikki kunda toliblarga ulkan zarar yetkazilgan. Ularning muhim vositalari havodan nishonga olingan.

Jurnalist Habib Rahmon Quyoshning “Ozodlik Radiosi”ga aytishicha, toliblar Bolomarg’on degan hududdagi jihozlangan kasalxonani bosib olgan. Yaralangan jangarilar pokistonlik doktor tomonidan muolaja qilinadi.

Manbalarga ko’ra, Faryobdagi toliblar soni 5000 nafarga yaqin. Ularning qariyb 2000 nafari Qo’rmoch tumanida harbiylar bilan jang qilmoqda.
17-oktabr kuni toliblar Faryobning aeroporti va harbiy bazaga hujum qilgan. Lekin harbiylar mudofaasi natijasida ortga chekingan.

Bu orada, Faryob va Juzjon viloyatining nufuzli kishilari qurol ko’tarib vatanni qo’riqlishda hissa qo’shishini e’lon qilgan.

XS
SM
MD
LG