Breaking News

Falastinning mustaqil davlat bo'lish rejasi puchga chiqmoqda


Falastin rahbari Mahmud Abbos davlatchilik haqidagi arizasini shu yilning 23-sentabrida Nyu-Yorkda BMT Bosh kotibi Pan Gi Munga topshirgan edi
Falastin rahbari Mahmud Abbos davlatchilik haqidagi arizasini shu yilning 23-sentabrida Nyu-Yorkda BMT Bosh kotibi Pan Gi Munga topshirgan edi

Falastinning mustaqil davlatchilik haqidagi arizasi BMT Xavfsizlik Kengashida ko'rilar ekan, masalaning ijobiy hal bo'lishiga ishonch past.

Muxtoriyat Tashqi ishlar vaziri Riyod Malikiyning aytishicha, kengashga a'zo 15 davlatdan yetarli ovoz olinmasligi mumkin. To'qqiz mamlakat yoqlab chiqqan taqdirda ham kengashning doimiy a'zosi bo'lgan Qo'shma Shtatlar veto huquqidan foydalanishi aniq.

AQSh kengash a'zolarini betaraf bo'lishga chaqirmoqda. Britaniya, Kolumbiya va Fransiya shunday pozitsiya tutishini bildirgan. Braziliya, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Livan va Janubiy Afrika Falastinni qo'llab-quvvatlamoqchi. Nigeriya va Gabon ham masalaga ijobiy yondashishi kutilmoqda. Germaniyaning pozitsiyasi hozircha aniq emas. Bosniya va Portugaliya betaraf bo'lishi mumkin.

Masala juma kuni ovozga qo'yilishi haqida gap bo'lgan. Ammo aynan o'sha kuni Xavfsizlik Kengashi Falastin mustaqil davlat bo'lish uchun barcha zarur talablarga javob beradimi, yo'qmi, qaror chiqarishi kerak. Javob qoniqarsiz bo'lsa, masala ovozga qo'yilmaydi.

Kelasi hafta AQSh, BMT, Yevropa Ittifoqi va Rossiyadan iborat Yaqin Sharq To'rtligi guruhi Falastin va Isroil rasmiylari bilan uchrashib, xavfsizlik va yer masalalarini muhokama qiladi.

Bu o'rtada Fransiyada Katta Yigirmalikka a'zo davlatlar sammitida bu mamlakat prezidenti Nikolya Sarkozi AQSh rahbari Barak Obama bilan muloqotda mikrofoni ochiq qolganini sezmay Isroil bosh vaziriga nisbatan fikrini bildirgan.

Sarkozi Benyamin Netanyaxuni "firibgar" deb atab, Obamaga "uni toqat qilolmayman" degan. AQSh rahbari bunga javoban tarjimon orqali "u senga yoqmagani bilan Netanyaxu bilan har kuni ish qilishga majburman" degan. Ularning gaplari ochiq qolgan mikrofon orqali matbuot anjumanidan so'ng jurnalistlarga uzatilgan.

Isroil bosh vaziri va Oq Uy bunga munosabat bildirmagan hozircha. Fransiya Tashqi ishlar vazirligi esa jamoatchilikni muhimroq masalalarga e'tibor qaratishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG