Breaking News

Qozog'iston mudofaa vaziri Vashingtonda


Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi joylashgan majmua, Virjiniya shtati
Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi joylashgan majmua, Virjiniya shtati
Qozog'iston mudofaa vaziri Odilbek Jaksibekov Amerika poytaxtida. U boshchilik qilayotgan 30 kishilik delegatsiya Vashingtonda siyosiy doiralarda bo'lib, mamlakatning bugungi harbiy-strategik siyosati va tashqi maqsadlarini tushuntirmoqda.

13-noyabr kuni ertalab Jaksibekov nufuzli siyosiy tahlil markazlaridan biri - Xalqaro va strategik tadqiqotlar markazida siyosatdonlar, ekspert va diplomatlar bilan muloqot qildi.

So'ngra esa Pentagonga yo'l olib, Mudofaa vaziri Chak Xeygl bilan uchrashdi.

Xeygl Qozog'iston delegatsiyasiga Afg'oniston yuzasidan hamkorlik qilib kelayotgani uchun minnatdorchilik bildirgan.

Nursulton Nazarboyev ma'muriyati afg'on zaminida urush tugab, astalik bilan tinch va totuv jamiyat qurilishini istaydi va bu jarayonda faol hissa qo'shmoqchi, deydi Qozog'iston rasmiylari.

Afg'onistonga zarur noharbiy yuk tashiladigan Shimoliy ta'minot tizimi bu davlatdan ham o'tadi va Amerika qo'shinlari vatanga qaytar ekan, ularga tegishli ashyolar ham shu yo'l orqali olib chiqilmoqda.

Bu Qozog'iston mudofaa vazirining Pentagonga 2003-yildan beri ilk tashrifi. Oxirgi marta 10 yil oldin general Muxtor Oltinboyev, o'sha paytdagi vazir, kelgan edi.

Pentagon matbuot kotibi Jorj Litll bayon qilishicha, vazirlar asosan Afg'oniston, 2014-yildan keyingi maqsadlar; siyosiy va iqtisodiy rishtalar va xavfsizlik bobidagi hamkorlik haqida gaplashib olgan.

Biror yangi kelishuv yoki hujjat haqida gap yo'q.

Rus matbuoti va Markaziy Osiyoni yoritadigan ayrim manbalar Amerika Qozog'istonda harbiy baza ochishi mumkin, Qirg'izistondagi tranzit markazini yopar ekan, Manas aerodoromidagi harbiy samolyotlari Aktau shahriga xalqaro aerportga olib o'tilishi mumkin deya maqolalar bergan edi. Vashington bunday xabarlarni inkor etmoqda.

Aktau hozirda Shimoliy ta'minot tizimining muhim bir nuqtasi. Lekin u yer harbiy tranzit markaziga aylanadi yoki aylanishi mumkin deyish uchun hozirda biror asos yo'q.

Qozog'iston bilan bugungi muzokaralarda Afg'oniston qatorida terrorizmga qarshi kurash va mudofaa tizimini mustahkamlash, rivojlantirish haqida gaplashildi, deya bildiradi Pentagon rasmiylari.

Qozog'istonning Vashingtondagi elchixonasi muloqotdan mamnun. Biror yangi kelishuv haqida undan ham biror e'lon yo'q.

Shu yilning 19-oktabr kuni Pentagonda uchrashgan AQSh va Ruminiya mudofaa vazirlari Chak Xeygl va Mircha Dusha anchadan beri parda ortida ketayotgan muzokaraga yakun yasab, strategik kelishuvga erishgan edi.

Amerika Manas tranzit markazini yoparkan, AQSh harbiylari va yuk Ruminiyadagi yangi obyekt orqali tashiladi - Mixail Kogalnichianu (Mihail Kogălniceanu) nomli aeroport.

Vashingtonda Qozog'iston mudofaa vaziri va boshqa rasmiylar bilan so'zlashgan siyosatdonlar deydiki, Ostona Amerika bilan ochiq gaplashmoqda va o'z konkret tashabbus va takliflarini kiritmoqda.

Vashington Kobul bilan 2014-yildan keyingi hamkorlik shartlari yuzasidan kelishib olish ilinjida. Kelgusida Afg'onistonda qanday rol o'ynashi shunga bog'liq.

Markaziy Osiyo davlatlari esa Amerikani bu borada savolga tutmoqda va aniq javoblar kutayapti. Ya'ni, AQSh 2014-yildan keyin mintaqada nima maqsadlarga ega? Afg'onistondan chiqqach, mintaqa uning uchun qanchalik muhim?

Qozog'iston javobni kutmay o'z tilaklarini bayon qilmoqda, xususan terrorizmga qarshi birgalikda kurashish, chegara xavfsizligi va harbiy tizimlarni yaxshilashda ko'maklashish. Pentagondagi so'nggi uchrashuvda shunday istaklar yangradi.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG